Jahon | 08:12 / 25.04.2024
7525
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya BMTning koinotdagi qurollarga qarshi rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi

BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 13 tasi koinotda qurollanish poygasining oldini olishga chaqiruvchi rezolyutsiya uchun ovoz berdi. Xitoy betaraf qoldi, Rossiya esa vetosidan foydalanib hujjatni blokladi.

Foto: David Dee Delgado / Getty Images

Rossiya BMT Xavfsizlik kengashida koinotda qurollanish poygasiga qarshi rezolyutsiyani blokladi. 24 aprel, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish chog‘ida Xavfsizlik kengashiga kiritilgan 15 davlatdan 13 tasi ushbu hujjatni qabul qilishga ovoz berdi, Xitoy betaraf qoldi, Rossiya esa veto huquqidan foydalandi.

Ovoz berish boshlanishidan oldin Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya AQSh va Yaponiya taklif qilgan rezolyutsiya matnini «hazil» deb atadi. O‘z navbatida, AQSh doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vud, agar Rossiya qarshi ovoz bersa, «yashirish uchun nimadir bormi?» degan savol tug‘ilishini aytdi.

Rezolyutsiya loyihasida «bizning umumiy maqsadimiz - koinotda qurollanish poygasining oldini olish» va shuningdek, Kosmos shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarga rioya qilish, xususan, «Koinot atrofidagi orbitaga hech qanday yadro quroli yoki ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirmaslik» ekani ta’kidlangan. Shuningdek, unda BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari «Yer atrofidagi orbitaga joylashtirish uchun hech qanday yadro qurolini ishlab chiqmaslikka» chaqiriladi. 

Rossiya koinotda barcha qurollarni taqiqlashga intilyapti

Nebenzya hujjatni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishini, o‘z so‘zlariga ko‘ra, taqiq nafaqat yadro quroliga, balki oddiy qurollarga ham tegishli bo‘lishi kerakligi bilan izohladi. 

Qo‘shma Shtatlar Moskvani sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi yadroviy qurol ishlab chiqarayotganlikda aybladi. Rossiya buni rad etadi. 

1967 yilgi Kosmos shartnomasi kosmosda yadroviy qurollarni joylashtirishni taqiqlaydi. AQSh va Rossiya uni imzolaganlar ro‘yxatiga kiradi.

Mavzuga oid