Jahon | 09:46 / 26.04.2024
10312
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko G‘arbga tahdid bilan chiqdi

Belarus rahbari Rossiyaning G‘arb harakatlariga javoban o‘zining butun harbiy arsenalidan foydalanishi «apokalipsis»ga olib kelishini aytdi.

Foto: Reuters

Agar Rossiya G‘arbning harakatlariga javoban butun arsenalidan foydalansa, «apokalipsis» yuz beradi. Bu haqda Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko 25 aprel, payshanba kuni Umumbelarus xalq assambleyasi (UXA)da so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

«Agar vaziyat tahdidli tarzda rivojlansa - birinchi navbatda, ular Rossiyadagi ichki vaziyat bo‘yicha shuni istashyapti, - Rossiya o‘zi egalik qiluvchi barcha arsenaldan foydalanadi. Bu apokalipsis bo‘ladi. Buning uchun hammasi tayyor», dedi Lukashenko.

Uning fikricha, Rossiya bilan to‘qnashuv yuz bergan taqdirda Shimoliy Atlantika alyansi birinchi navbatda Belarus hududiga zarba beradi, chunki Minsk Rossiya yadro qurolini joylashtirgan. Bu holatda, deb tahdid qildi Lukashenko, dushman «barcha turdagi qurollar bilan bizdan bir zumda javob oladi, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasidan ham. Biz har qanday tajovuzkorga to‘liq qarshilik ko‘rsatishga va unga zarar yetkazishga qat’iy harakat qilamiz». U Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqinda Belarusga qilingan hujum Moskva tomonidan Rossiya Federatsiyasiga qilingan hujum sifatida baholanishi haqidagi bayonotini eslatdi.

Yaqinda Putinning o‘zi Rossiya yadroviy doktrinasi yadroviy quroldan foydalanish uchun ikkita ehtimoliy chegarani ko‘rsatishini ta’kidladi: dushmanning birinchi yadroviy zarbasiga javob zarbasi va «odatiy qurol ishlatilsa ham, Rossiyaning davlat sifatida mavjudligi tahdid ostida qolsa».

Rossiya kosmosda yadro qurolini joylashtirmaslik haqidagi rezolyutsiyani blokladi

Rossiya BMT Xavfsizlik kengashida koinotda qurollanish poygasiga qarshi rezolyutsiyani blokladi. 24 aprel kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish chog‘ida Xavfsizlik kengashiga kiritilgan 15 davlatdan 13 tasi ushbu hujjatni qabul qilishga ovoz berdi, Xitoy betaraf qoldi, Rossiya esa veto huquqidan foydalandi.

Rezolyutsiya loyihasida «bizning umumiy maqsadimiz - koinotda qurollanish poygasining oldini olish» va shuningdek, Kosmos shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarga rioya qilish, xususan, «Koinot atrofidagi orbitaga hech qanday yadro quroli yoki ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirmaslik» ekani ta’kidlangan. Shuningdek, unda BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari «Yer atrofidagi orbitaga joylashtirish uchun hech qanday yadro qurolini ishlab chiqmaslikka» chaqiriladi. 

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya hujjatni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishini, o‘z so‘zlariga ko‘ra, taqiq nafaqat yadro quroliga, balki oddiy qurollarga ham tegishli bo‘lishi kerakligi bilan izohladi. 

Mavzuga oid