Moskva sudi vertolyotni yoqib yuborishda ayblangan 5 kishini hibsga oldi
Barcha ayblanuvchilar terakt tashkillashtirishda ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilardan biri Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollangan.
Moskvaning Dorogomilov tuman sudi tergov talabiga binoan Moskvaning Ostafevo aerodromida Ka-32 vertolyotini yoqib yuborishda ayblangan besh kishini hibsga oldi. Bu haqda 30 aprel, seshanba kuni Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Matbuot xizmatiga ko‘ra, Stanislav Xamidulin, Daniil Yamskov, Nikita Bulgakov, Anastasiya Molchalina va Roman Yakovets tergov izolyatoriga jo‘natildi. Ularning barchasi bir guruh shaxslar tomonidan uyushtirilgan va katta miqdorda zarar yetkazgan terrorchilik xurujida ayblanmoqda (Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi). Gumonlanuvchilarga 12 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Stanislav Xamidulin Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollangan, shundan so‘ng u «jinoiy guruh tashkilotchisi rolini o‘z zimmasiga olgan» va boshqa ayblanuvchilar bilan birga o‘t qo‘yish natijasida vertolyotni yo‘q qilgan.
Baza Telegram-kanaliga ko‘ra, so‘roq paytida to‘rt nafar gumonlanuvchi avvalroq Moskvada o‘t qo‘yishni sodir etganini tan olgan. Xususan, 22 aprel kuni – vertolyot yoqib yuborilishidan bir necha kun oldin – ularning to‘rt nafari, Baza xabariga ko‘ra, «Belorusskaya» stansiyasidagi rele shkafiga o‘t qo‘ygan.
Transport vertolyotiga o‘t qo‘yish
26 aprelga o‘tar kechasi Ostafevo aerodromida noma’lum shaxslar Moskva aviatsiya markazining yong‘inlarni o‘chirishda foydalaniladigan Ka-32 transport vertolyotini yoqib yubordi. O‘t qo‘yish uchun javobgarlikni Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») o‘z zimmasiga oldi. «GUR» bayonotiga ko‘ra, vertolyot, jumladan, Rossiya armiyasining «operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash» uchun ishlatilgan.
Mavzuga oid
19:24 / 27.10.2024
Moskvada xorijlik migrantlar uchun patent narxi qariyb 20 foizga oshadi
00:03 / 27.10.2024
Rossiyada bir kunda ikkita vertolyot halokatga uchradi
12:56 / 25.10.2024
Germaniyaning Moskvadagi elchisi RF TIVga chaqirildi
12:12 / 28.09.2024