O‘zbekiston | 18:49 / 01.05.2024
17533
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 400 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

«Chirchiq shag‘al saralash» korxonasi direktori Yuqori Chirchiq tumanidagi g‘alla va chorvachilik uchun ajratilgan 260 gektar yerni 400 ming dollarga sotishga uringanlikda gumonlanmoqda. U 40 ming dollarni bo‘nak sifatida olayotganida qo‘lga tushdi.

Foto: IIV

IIV Tezkor qidiruv departamenti xodimlari boshqa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan hamkorlikda 29 aprel kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik va pora berishga oid jinoyatni fosh etdi. 

Qayd qilinishicha, 1985 yilda tug‘ilgan «Chirchiq shag‘al saralash» direktori, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaroga Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, hududida g‘allachilik-chorvachilik yo‘nalishida ajratilgan 260 gektar bo‘sh yer maydonini 400 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan. Ushbu shaxs hujjatlarini kadastr idoralarida ishlovchi tanishlari orqali pul evaziga tayyorlab berishni va’da qilib, oldindan bo‘nak tariqasida 40 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan. 

Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi (Pora berish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid