Jahon | 17:48 / 02.05.2024
24575
1 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda yuk mashinasi 29 nafar bolani urib yubordi

Holat Jalolobod viloyatining Suzoq tumanida “Manas” dostonini ijro etishga jamlangan o‘quvchilar bilan sodir bo‘lgan. O‘quvchilardan 3 nafarining ahvoli og‘ir.

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanida muzqaymoq ortilgan kichik hajmli yuk mashinasi ommaviy tadbir vaqtida o‘quvchilarni bosib ketdi. Bu haqda “Kabar” agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 9 dan 16 yoshgacha bo‘lgan 29 nafar bola jarohatlangan. 18 nafar bola shifoxonaga olib ketilgan. Ulardan 7 nafari reanimatsiyaga yotqizilgan. 3 nafarining ahvoli esa og‘ir deya baholanmoqda. 11 nafar bolaga voqea joyida yordam ko‘rsatilib, ambulator davolanishga yuborilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasi tepalikda to‘xtagan holatda turgan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda rulda haydovchi bo‘lmagan. Yuk mashina tormozdan chiqib ketib, pastlikka qarab harakatlangan va respublika tanlovida “Manas” dostonini ijro etish uchun safga tizilgan o‘quvchilar ustidan yurib ketgan.

Mavzuga oid