O‘zbekiston | 14:05 / 04.05.2024
2852
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston YeIga mahsulotlar eksportini oshirishda Latviya portidan foydalanishi mumkin 

Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov rahbarligidagi delegatsiya Riga shahriga bordi.

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, tashrif davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, milliy mahsulotlar eksporti hajmini oshirish va mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Xususan, Riga merining o‘rinbosari Linda Ozola bilan kechgan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Yakunda Riga shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan madaniy tadbirlarda Farg‘ona viloyati vakillarining ishtirokini ta’minlash to‘g‘risida kelishib olindi.

Mamlakat delegatsiyasi a’zolari, shuningdek, Riga erkin porti (REP) direktori o‘rinbosari Edgars Suna bilan muzokaralar olib bordi. Unda Latviya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga O‘zbekiston mahsulotlari eksportini oshirish, jumladan, port terminali infratuzilmasidan faol foydalanish masalasi muhokama qilindi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan REP hududidagi omborxona binolarini sotib olish yoki ijara asosida foydalanish, ularga imtiyoz va preferensiyalar berish masalalari ko‘rib chiqildi. Edgars Suna ushbu masalada port rahbariyati yordam berishga tayyorligini bildirdi. 

Uchrashuv so‘nggida qisqa vaqt ichida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Delegatsiyaning Riga shahridagi O‘zbekiston savdo uyiga tashrifi davomida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, jumladan, Farg‘ona viloyatining investitsiyaviy va eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Muzokaralar natijasida Latviya bozoriga qishloq xo‘jaligi, maishiy kimyo, qandolat va to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, 25 million dollarlik eksport shartnomalari tuzildi.

Mavzuga oid