Jahon | 19:33 / 05.05.2024
8808
13 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi yarim yil - urush xronikasi suratlarda

2023 yil 7 oktyabrda Hamas Isroilga hujum qilib, 1200 ga yaqin kishini o‘ldirgan va 253 kishini garovga olgandi. Bu Isroilda 1973 yilgi Qiyomat urushi davridan buyon ilk bor harbiy holat joriy etilib, zaxiradagilarning safarbarligi e’lon qilinishiga olib keladi. Bu vaqtda xorijda bo‘lgan minglab isroilliklar harbiy chaqiriq bo‘yicha uyga qaytadi. Hujumni dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan Isroilning asosiy ittifoqchisi — AQSh ham qoralab chiqadi.

Hujumga javoban Isroil G‘azo sektorini qamal qiladi, avvaliga Falastin hududiga aviazarbalar yo‘llaydi, keyin esa Hamasni yo‘q qilish va garovdagilarni ozod etish maqsadida quruqlik amaliyotini boshlaydi. Vositachilarning urinishlariga qaramay, tomonlar o‘rtasida hamon tinchlik kelishuviga erishilmayapti. Quyida Yaqin Sharqdagi ushbu yangi urushning yetti oyida sektor hududida bo‘lib o‘tgan voqealar tasvirlangan kadrlar keltiriladi.

7 oktyabr kungi hujumdan keyingi kunlarda TsAHAL G‘azo sektori bo‘ylab o‘nlab aviazarbalar yo‘lladi. Isroillik harbiylar bu hujumlar nishoni terrorchilarning uylari, Hamas yetakchilari, qurol va raketalar ishlab chiqariladigan ustaxonalar, shuningdek qurollar kontrabandasi uchun foydalanilgan yerosti tunnellari bo‘lganini aytishgan. 11 oktyabr kuni aviazarba oqibatida G‘azodagi Islom universiteti binosi yakson etildi, TsAHAL ma’lumotiga ko‘ra, u yerda bomba va raketalar tayyorlovchi mutaxassislar o‘qitilgan.
Ibrahim Hams / AFP / Scanpix / LETA
Hamas nazorati ostidagi G‘azo ma’muriyati aviazarbalarning ilk kunlaridayoq 1200 nafar atrofidagi kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Bu ma’lumotlar ishonchli ekaniga shubha bildirilgan
Ali Jadallah / Anadolu / ddp / Vida Press
13 oktyabr kuni TsAHAL quruqlik amaliyoti boshlanishidan oldin mahalliy aholini G‘azo sektorining shimoliy qismini tark etishga chaqirdi. BMT tuzilmalari ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki kunlarda 330 mingdan ortiq falastinlik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Martin Divisek / EPA / Scanpix / LETA
Isroil hukumati garovdagilar ozod etilmaguncha G‘azoga ichimlik suv, yonilg‘i va elektr berilmasligini ma’lum qilgandi. BMT, Qizil xoch va xalqaro huquq tashkilotlari bu gumanitar halokatga olib borishini aytib, bu talabni bekor qilishni so‘rashdi. Keyinroq Isroil G‘azo sektoriga o‘ta muhim yuklarni o‘tkazishga ruxsat berdi
Ali Jadallah / Anadolu / ddp / Vida Press
Hamas nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi isroilliklarning har bir zarbasidan keyin ko‘plab qurbonlar haqida xabar bera boshladi. Xususan, 17 oktyabr kuni Falastin vakillari Al-Ahlidagi shifoxonaga zarba oqibatida 500 nafarga yaqin odam halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ammo asoslantirilgan ma’lumotlar asosida bunga shubha bildirildi — qurbonlar soni borasida ham, shifoxonaga aynan TsAHAL zarba bergani borasida ham. Boshqa versiyaga ko‘ra, unga falastinliklar Isroil tomonga uchirgan va osmonda urib tushirilgan raketa parchalari tushgani aytildi.
Fatima Shbair / AP / Scanpix / LETA
Oktyabr oyi oxirida TsAHAL qo‘mondonligi urushning yangi bosqichi, G‘azo sektorida quruqlik amaliyoti boshlanganini e’lon qildi. Isroillik harbiylar Falastin hududidagi nishonlar bo‘ylab zarbalar yo‘llashda davom etishdi. Noyabr oyida G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi tinch aholi orasidagi qurbonlar soni 13 mingdan oshganini xabar qildi. Isroil esa, o‘z navbatida falestinlik jangarilar shifoxonalar ostida qo‘mondonlik punktlari va qurol omborlarini joylashtirgan holda tinch aholidan jonli qalqon sifatida foydalanayotganini iddao qildi
Abderrahman Ismail / AFP / Scanpix / LETA
Isroilda va dunyoning boshqa mamlakatlarida Hamas qo‘lida garovda tutib turilganlarni ozod etish talabi bilan namoyishlar o‘tkazildi. Fotoda Tel-Avivda 20 noyabr kuni o‘tkazilgan aksiya ishtirokchisi raketa xavfidan ogohlantiruvchi trevoga chog‘ida farzandini tanasi bilan yopmoqda — bu vaqtda Isroil hududi G‘azodan turib o‘qqa tutilishi davom etayotgandi.
Itai Ron / Reuters / Scanpix / LETA
Noyabr oyida TsAHAL G‘azo sektorida faol harbiy harakatlar olib bordi. Amaliyotning asosiy nishonlaridan biri Ash-Shifo shifoxonasi edi — bu G‘azo sektoridagi eng yirik tibbiyot muassasasi hamda Hamasning muhim qo‘mondonlik punkti sifatida ko‘rilgan
Gil Cogen-Magen / AFP / Scanpix / LETA
Noyabr oyi oxirida Isroil hukumati va Hamas vakillari o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish va garovdagilardan 50 nafariga 150 nafar falastinlik mahbusni almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Sulh 24 noyabrdan 1 dekabrga qadar davom etdi, keyin harbiy harakatlar, jumladan, G‘azo sektori bo‘ylab aviazarbalar qaytadan boshlandi
Mahmud Hams / AFP / Scanpix / LETA
Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyoti davom etishi fonida ko‘plab davlatlar, jumladan AQSh va Buyuk Britaniyada ham o‘t ochishni to‘xtatish talabi bilan namoyishlar o‘tkazildi. JAR 2023 yil dekabr oyi oxirida BMT Xalqaro sudiga da’vo kiritib, Isroilni uning G‘azo sektoridagi «harakatlari va harakatsizligi» falastinliklarga nisbatan «genotsid xarakter»ga egaligini bildirdi. Haagadagi sud Isroildan falastinliklar genotsidining oldini olishni talab qildi, ammo o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmadi.
Mahmud Hams / AFP / Scanpix / LETA
May oyi boshiga kelib ham Isroil va Hamas yangi sulh bo‘yicha kelisha olmadi. Shu vaqtgacha G‘azo sektoridagi amaliyotlar chog‘ida kamida 233 nafar isroillik harbiy halok bo‘lib, 1370 nafardan ortig‘i yaralangan. Qurbonlar orasida zaxiradagi 43 yoshli askar Yuval Nir ham bor edi. Fotoda uni 31 yanvar kuni Kfar-Etsion qishlog‘ida dafn etish marosimi
Leo Correa / AP / Scanpix / LETA
Isroil G‘azo sektori boshqaruvini o‘ziga olishdan bosh tortgan va uni yana okkupatsiya qilishni rejalashtirmagan, ammo bu hududga BMTning tinchlikparvar kuchlari joylashtirilishiga ham qarshi chiqmoqda. Arab mamlakatlari anklavga o‘z xavfsizlik kuchlarini kiritishni istashadi. The Washington Post nashri yozishicha, AQSh G‘azo sektori ayni vaqtda Iordan daryosining G‘arbiy sohilini nazorat qilayotgan Mahmud Abbos boshchiligidagi Falastin milliy muxtoriyati tomonidan boshqarilishini ko‘zda tutuvchi variantni ko‘rib chiqishga tayyor edi, ammo falastinliklarning barchasi ham bunga rozi emas.
Ariel Schalit / AP / Scanpix / LETA
TsAHAL harbiy xizmatchilari G‘azo sektorida reydlar o‘tkazishni davom ettirmoqda, bu reydlar chog‘ida Hamas jangarilarini topish maqsad qilingan. Xususan, shu maqsadda mahalliy aholi vakillari qo‘lga olinib, so‘roq qilinadi.
Moti Milrod / Haaretz / AP / Scanpix / LETA
Isroil hukumati G‘azodagi amaliyot maqsadlari – Hamasni yo‘q qilish va garovdagilarni ozod etishga erishilishi lozimligini takrorlamoqda. Shu bilan birga, bosh vazir Binyamin Netanyahu va uning hukumati asirlikda qolayotgan isroilliklarning yaqinlari tomonidan ham, Isroil muxolifati tomonidan ham tobora kuchli tanqid qilinmoqda
Dan Kitwood / Getty Images
G‘arbdagilar ham bosh vazir Binyamin Netanyahu hukumatini G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan 2,3 million kishini majburan ko‘chirishda ayblashmoqda
AFP / Scanpix / LETA
15 dekabr kuni G‘azo sektori shimolida joylashgan Shajayya tumanida Hamas a’zolariga qarshi amaliyot chog‘ida isroillik harbiylar xatolik tufayli garovdagi uch nafar isroillikni otib qo‘ygandi, ulardan biri 26 yoshli Alon Shamriza edi. 17 dekabr kuni Shfaim kibutsida uning dafn marosimi o‘tkazildi
Ohad Zwigenberg / AP / Scanpix / LETA
G‘azo sektori aholisining aksari bir necha oydan buyon ichimlik suv va oziq-ovqat taqchilligini boshdan kechirmoqda. Ekspertlar G‘azo sektori shimolida ochlik yuzaga kelishi muqarrar deb hisoblashmoqda va bu may oyida boshlanib, iyulgacha Falastin anklavi aholisi to‘liq och qolishi mumkin. G‘azodagi ocharchilikka nafaqat Isroil tomonidan chegaradan yuklarni o‘tkazishda o‘rnatilgan cheklovlar, balki uni taqsimlashdagi uzilishlar ham sabab bo‘lmoqda
Mohammed A Hajjar / Middle East Images / ABACA / Scanpix / LETA
G‘azo sektorida ishlovchi xalqaro tuzilmalardan biri — BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha agentligidir (UNRWA). Fevral oyida TsAHAL qo‘mondonligi agentlikning shtab-kvartirasi ostida Hamas a’zolari foydalanadigan yerosti tunneli topilganini ma’lum qilgandi. Agentlik rahbari Filippe Lazzarini agentlik xodimlari bino ostida terrorchilar tunneli o‘tganidan bexabar bo‘lganini aytdi. Isroildagilar esa uning so‘zlariga ishonmagan va bunday inshootni tezda va sezdirmasdan qurish imkonsiz ekaniga e’tibor qaratishgan
Ariel Schalit / AP / Scanpix / LETA
HAMAS a’zolari boshpana va qurollarni tashishda foydalangan yerosti tunnellarining bir qismi yanvar oyida G‘azo shimolida aniqlangandi.
Shunday tunnellardan biri Xon Yunusdagi qochqinlar lageri hududida ham topilgan. Isroil maxsus xizmatlari garovdagilar shunday yerosti inshootlaridan birida ushlab turilganini taxmin qiladi
AQSh va Yevroittifoq aprel oyi boshida G‘azo sektorida gumanitar vaziyat yanada yomonlashishi Falastin-Isroil mojarosini faqat keskinlashtirishini ma’lum qilgan
Tsafrir Abayov / AP / Scanpix / LETA
Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroilni ocharchilikdan urush quroli sifatida foydalanishda ayblagan. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Isroil Falastin xalqini HAMASdan ajratmasligi «faqat yangi teraktlarga olib kelishi»ni aytgan
Mahmoud Issa / Reuters / Scanpix / LETA
12 aprel kuni G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil amaliyoti boshlanganidan buyon 33 634 nafar falastinlik halok bo‘lganini ma’lum qilgandi
Mohammed Salem / Reuters / Scanpix / LETA
G‘azo sektorida o‘nlab yillardan buyon bir necha qochqinlar lagerlari mavjud. Shunday lagerlardan biri, 1,4 kvadrat kilometr maydondagi Jabaliyada 100 mingdan ortiq kishi yashaydi. Isroil G‘azo sektori shimolidagi bu lagerni HAMASning tayanchlaridan biri deb hisoblaydi. Qochqinlar lagerlari aholisi insonparvarlik yordami yetkazishdagi uzilishlardan qattiq jabr ko‘rdi.
Mahmoud Essa / AP / Scanpix / LETA
G‘azo sektori qamali va u yerda davom etayotgan janglar sharoitida insonparvarlik yordamini havo orqali yetkazib berishga urinishdi. Ammo xalqaro huquq himoyachilari va gumanitar tashkilotlar yordamni havodan tashlash va uni dengiz orqali tashib kelish quruqlik orqali yetkazib berishga muqobil bo‘la olmaydi, deb hisoblab, Isroildan G‘azo sektori bilan chegaradagi o‘tkazish punktlarini ochishni talab qildi
Leah Jones / Ministry of Defence / AP / Scanpix / LETA
2 aprel kuni Isroil armiyasi G‘azo sektorida World Central Kitchen tashkilotining insonparvarlik yordami ko‘rsatish bilan shug‘ullangan karvoniga zarba yo‘lladi, natijada tashkilotning yetti nafar xodimi halok bo‘ldi. AQSh bunga jiddiy reaksiya ko‘rsatdi. Oq uy bayonotida aytilishicha, AQSh prezidenti isroilliklar bosh vaziriga tinch aholiga zarar yetkazishni to‘xtatish va G‘azo sektorida gumanitar tashkilotlar xodimlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan «muayyan qadamlar» tashlash bo‘yicha «aniq tushuntirish bergan».
Abdel Kareem Hana / AP / Scanpix / LETA
Isroilda muxolifat Binyamin Netanyahuning iste’fosini talab qilmoqda, garovdagilarning qarindoshlari hukumatni ularning yaqinlarni qutqara olmagani uchun qoralamoqda. G‘azoda yarim yildan buyon 130 nafar atrofidagi odam garovda qolmoqda
Jack Guez / AFP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid