O‘zbekiston | 21:01 / 08.05.2024
7273
3 daqiqa o‘qiladi

“Hozircha tayyor emasmiz”. Vazir – rektorlarni saylash haqida

Oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Kun.uz muxbirining rektorlar saylanishi masalasida shaxsiy fikringiz qanday degan savoliga shunday javob berdi: “Hozir, menimcha, biz tayyor emasmiz. Vaqt kerak bunga. Bilasizlar, bizning o‘zimizga yarasha mentalitetimiz bor. Buni qachonki jamoatchilik nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, shunda qilsak bo‘ladi”.

Oliy ta’lim muassasalarida rektorlarni saylash rejasi yo‘qmi, bu narsa ko‘rib chiqilmayaptimi? Kun.uz muxbiri bu savol bilan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga murojaat qildi.

“Bu masala bo‘lgan, “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga rektorlarni saylash masalasi kiritilgan. Bu hozir muhokamada. Hali bu bo‘yicha qaror qabul qilinmadi. Agar shunaqa qaror qabul qilinsa, albatta... Butun xalqaro standartlarda, ko‘pchilik davlatlarda OTM rektorlari 5 yilga saylanadi, buni kengash hal qiladi”, – deb javob berdi vazir.

U rektorlarni saylash masalasidagi shaxsiy fikri so‘ralgan savolga javoban, “bunga vaqt kerakligi”ni aytdi.

“Endi, hozir, menimcha, biz tayyor emasmiz. Vaqt kerak bunga. Bilasizlar, bizning o‘zimizga yarasha mentalitetimiz bor. Buni qachonki jamoatchilik nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, shunda qilsak bo‘ladi”, – dedi u.

Jurnalistning rektorlarni saylashning aniq vaqtini so‘rab bergan aniqlashtiruvchi savoliga Sharipov yana “vaqt kerak” deb javob berdi.

“Shunaqa ishlashimiz kerakki, masalan, o‘zimiz ishimizni ko‘ngildagidek bajarsak, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni sifatli bajarsakkina tizimimiz yaxshilanadi. Ana shu paytda shunga erishgan kunimiz [OTMlarning] o‘zlarining jamoatchilik kengashi yoki ilmiy kengashi bo‘ladi, shular tomonidan [rektorlar] saylansa to‘g‘ri bo‘ladi”, – dedi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri.

Qo‘ng‘irotboy Sharipovga: “Nega nodavlat OTMlarning yurisprudensiya yo‘nalishiga litsenziya berilmayotgani, bunda qandaydir sun’iy to‘siq qo‘yilganmi?” degan savol ham berildi. Sharipov bu yerda sun’iy to‘siq bor degan gap asossiz ekanini aytdi.

“Yurisprudensiya yo‘nalishi uchun yuqori talab qo‘yilgan. Bunga javob beradigan OTMga Adliya vazirligi tomonidan ruxsat beriladi.

Hozir ta’lim sifati juda pasayib ketdi deyapmiz-da, nega hammaga ruxsat berilmayapti ham deyapmiz. Yurist tayyorlash – juda murakkab jarayon. Shuning uchun talabni ish beruvchi tashkilot beradi. Hozirgi paytda ishonch yo‘qmi, demak shunga cheklangan.

Hozir – o‘tish davri. Shu ta’lim muassasasiga ishonch bo‘lsa, Adliya vazirligi tomonidan bunga ruxsat beriladi, deb o‘ylayman”, – dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

Mavzuga oid