Jahon | 11:26 / 09.05.2024
6468
3 daqiqa o‘qiladi

Corriere della Sera: NATO Ukrainaga qo‘shin yubormaydi

Ittifoq iyuldagi sammitda qabul qilinadigan deklaratsiyaga Ukrainaga qo‘shin yuborishdan bosh tortish haqidagi bandni kiritmoqchi. Bundan buyon Kiyevga yordam Pentagon emas, NATOning Bryusseldagi bosh qarorgohi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Foto: Government of North Macedonia

NATO iyul oyida bo‘lib o‘tadigan alyans sammitida qabul qilinishi kerak bo‘lgan deklaratsiyada Ukrainaga qo‘shin yuborishdan bosh tortish bandini belgilab qo‘yadi, deb xabar bermoqda Italiyaning Corriere della Sera gazetasi yakuniy bayonotning tayyor loyihasiga tayanib. Rossiya ommaviy axborot vositalari 8 may kuni ushbu nashrga e’tibor qaratdi. Ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Nashrning yozishicha, deklaratsiyada, shuningdek, NATOning Ukrainaga harbiy yordami bundan buyon Pentagon rahbari Lloyd Ostin tomonidan emas, balki alyansning Bryusseldagi shtab-kvartirasi tomonidan muvofiqlashtirilishi ko‘zda tutiladi. Shu munosabat bilan Corriere della Sera ta’kidlashicha, Ukraina allaqachon yordamning asosiy qismini AQShdan emas, balki NATOning boshqa a’zolaridan olyapti. Ammo siyosiy jihat ham bor: NATO tuzilmalari tomonidan yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirish jahon hamjamiyatiga ham, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ham bir ovozdan qabul qilingan qarordek ko‘rinadi, deya tushuntirdi gazeta. 

Umuman olganda, deb yozadi Corriere della Sera, NATOning Ukrainaga yordam berish va Rossiya tahdidining oldini olish borasidagi yondashuvi o‘zgarmaydi. Shimoliy Atlantika ittifoqi, boshqa narsalar qatori, o‘zining sharqiy chegaralarini mustahkamlashda davom etadi, agar kerak bo‘lsa, 300 minggacha askar uni «Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan Bolgariyagacha» tezda himoya qilishi mumkin. 

Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlarini yetkazib berish 

NATO davlatlari Kiyevga Patriot zenit-raketa komplekslarining yangi partiyasini yetkazib berish imkoniyatlarini ham qidirmoqda. Ukraina rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 25 ta shunday kompleks mamlakatning butun havo hududini himoya qilish uchun yetarli bo‘ladi, yettita Patriot havo mudofaa tizimi esa asosiy sanoat markazlarini Rossiya havo hujumlaridan yopish imkonini beradi. 

Shu bilan birga, Corriere della Sera ta’kidlashicha, ayni damda Ukrainaga faqat ikkita Patriot kompleksini - Germaniya va Ispaniyadan yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar mavjud. Niderlandiya o‘zining Patriot majmuasini Kiyevga o‘tkazishga rozi, ammo huquqiy jihatlarni muhokama qilmoqda, Polsha va Gretsiya esa buni rad etdi. 

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyans Ukrainaga qo‘shin jo‘natmoqchi emasligini bir necha bor ta’kidlagan, biroq NATOga a’zo Fransiya prezidenti Emmanuel Makron so‘nggi oylarda Ukrainaga qo‘shin yuborish masalasini bir necha bor ochiq muhokama qilgan va hatto bu yuz berishi uchun qanday shartlar qo‘yilganini ham aytib o‘tgandi. Ushbu munozaraning jonlanishi fonida Rossiya taktik yadro qurolidan foydalangan holda mashg‘ulotlar o‘tkazishini e’lon qildi hamda Fransiya va Britaniya elchilarini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirdi. 

Mavzuga oid