Jahon | 11:49 / 10.05.2024
5870
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu: Isroilda yakka o‘zi kurashishi uchun yetarlicha kuch bor

Kerak bo‘lsa, tirnoqlarimiz bilan ham kurashamiz va g‘alaba qozonamiz, dedi Isroil bosh vaziri. Avvalroq AQSh Isroil Falastinning Rafah shahriga keng ko‘lamli hujum uyushtirsa, harbiy yordamni qisqartirish bilan tahdid qilgan edi.

Foto: Maya Alleruzzo/AP/dpa/picture alliance

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti yuzasidan xalqaro tanqidlar fonida, isroilliklar kerak bo‘lsa, yakka o‘zi jang qilishga tayyorligini bildirdi. «Agar o‘zimiz uchun yolg‘iz turishimiz kerak bo‘lsa, demak, o‘zimizni himoya qilamiz. Kerak bo‘lsa, tirnoqlarimiz bilan ham kurashamiz va g‘alaba qozonamiz», — dedi u 9 may, payshanba kuni kechqurun e’lon qilingan videomurojaatida.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil G‘azo sektorining boshqa hududlaridagi urushlardan qochgan milliondan ortiq qochqinlar to‘plangan Falastinning Rafah shahrida keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlasa, Isroilga harbiy ta’minotni yanada qisqartirish bilan tahdid qilgan edi. «Agar Isroil harbiylari shaharning aholi zich joylashgan hududlariga kirsa, qurol-yarog‘ yetkazib berish jarayoni uchun buning oqibatlari bo‘ladi. Keng ko‘lamli bosqin uchun qurol berilmaydi», - deya ogohlantirdi Bayden CNN telekanaliga bergan intervyusida.

Netanyahu bunga javoban 1948 yilgi urushni esladi. «76 yil oldin urushda ko‘pchilikka qarshi qurolimiz yo‘q edi, hatto Isroilga qarshi qurol embargosi ham bor edi, lekin biz g‘alaba qozondik», dedi Isroil bosh vaziri. Unga ko‘ra, Isroil ancha kuchaydi va boshqa narsalar qatori, dushmanlarini mag‘lub etish istagida birlashdi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri qariyb 35 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid