Dard chekayotgan toshbaqa – plastik inqirozining ramziga aylangan toshbaqa voqeasi
2015 yilda biolog burniga plastik naycha tiqilib qolgan toshbaqani tasvirga oladi. Naychani sug‘urib olish jarayonida burnidan qon tomchilagan va dard chekayotgan toshbaqa plastik inqirozining ramziga aylanadi. Videoni ko‘rgan odamlar uni ishlatmay qo‘yishadi.
2015 yilda PhD talabasi Kristin Figgener Kosta Rikada Tinch okeanining qirg‘og‘ida kichik baliqchilar kemasida zaytunrang toshbaqani o‘rganayotgan paytda uning burnidan g‘alati narsa chiqib turganini sezib qoladi va Kristin yonidagi sheriklaridan biri toshbaqaning burnidagi narsani o‘rganayotganda holatni qiziqib tasvirga ola boshlaydi. Tadqiqotchilar toshbaqaning burnidan plastik naychani chiqarib olishadi. 8 daqiqali videoda toshbaqaning burnidan qon tomchilayotgani, uning qiynalayotgani aks etadi.
Toshbaqa videosi internet platformalariga joylashtirilgach, juda tez vaqtda ko‘p marta ko‘riladi, odamlar bir-biriga ulashadi. Hozirgacha o‘sha video YouTube'da 110 mln marta, qisqa varianti esa 15 mlndan ortiq ko‘rilgan. Biolog Figgener dunyoning turli xil ommaviy axborot vositalariga intervyu beradi, 2018 yilda plastiklarga bag‘ishlangan hujjatli filmda qatnashadi. Figgener ishtirok etgan film AQSh, Gretsiya, Malayziya, Fransiya, Italiya kabi davlatlarda namoyish qilinadi. Film sabab bir martalik plastik "trubochka"lardan ba’zilar voz kechadi. Masalan, universitetlardan biri o‘z hududida bu plastik tayoqchalarni ishlatishni taqiqlaydi va bir o‘quv yilida kamida 444 ming dona plastik tayoqcha ishlatilmay qoladi.
Aslida, plastiklar toshbaqa videosi tarqalishidan oldin ham tabiatga zarar yetkazardi. Avtomobil shinasiga tiqilib qolgan, baliqchilar to‘riga o‘ralgan yoki plastik qoplardan aziyat chekkan hayvonlar ko‘p bo‘lgan.
"Men o‘sha paytlari ijtimoiy faol emasdim, lekin biz olimlar o‘z qobig‘imizda shunchaki o‘tira olmasdik. Sababi biz odamlarga tushuntirib berish mumkin bo‘lgan holatlarni ko‘p ko‘ramiz va hujjatlashtiramiz. Buning bilan nafaqat odamlarga qilayotgan ishimizni tushuntirib berishimiz, balki ularga e’tiborliroq bo‘lishni singdirishimiz mumkin.
Chunki odamlar okeanda suzib yurgan minglab tonna plastikni tasavvur qila olmasligi, ular boshqa mavjudotlarga qanaqa og‘riq berishini tushunmasliklari mumkin. Toshbaqa videosini ko‘rsatish orqali men plastik ifloslanish statistikalari shunchaki raqam emasligini, ular aynan nima anglatishini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim", degan Figgener o‘zi videoga olgan toshbaqa bilan bog‘liq holat haqida.
Videodan so‘ng anti-plastik harakati boshlanadi. Toshbaqa plastik inqirozining ramziga aylanadi. Uning azoblanayotgan yuz ifodasi anti-plastik harakatiga esdan chiqmas tasvir bo‘lib qoladi.
Plastiklar hayvonot dunyosiga turli usullar bilan zarar keltirishi haqida ma’lumotlar yetarlicha. Hayvonlar ularni yutib yuborishi, o‘ralib qolishi va hatto ayrimlari ovqat deb o‘ylab yeb qo‘yishi mumkin. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlardan birida O‘rtayer dengizidagi dengiz toshbaqalari o‘rganildi va ularning 40 foizining ichagidan 5 mmdan katta makroplastik bo‘laklari topilgan. Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki dengiz toshbaqasidan biri plastik yeydi. Va ularning ko‘pi oshqozoni plastikka to‘lib qolishi natijasida vafot etadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit bo‘yicha dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, har yili okeanlarga 7,8 ming tonnadan ortiq plastmassa tashlanadi.
Ichimlik ichish uchun ishlatiladigan bir martalik plastik naychalar eng ko‘p ishlatiladigan bir martalik plastik buyumlardan biri hisoblanadi. Ko‘ngillilardan biri sifatida qirg‘oqlarni tozalash bilan shug‘ullanadigan Jyek Nunez plastik naychalarga qarshi 2015 yildan ham oldin 2011 yilda harakat boshlagan edi. Uning aytishicha, qirg‘oqda eng ko‘p shu kabi naychalar topiladi. Ularning shakli, ishlanadigan materiali sabab qayta ishlash ham oson emas. Jyek Nunez 2011 yilda "So‘nggi plastik naycha" nomli xalqaro kampaniya ham boshlaydi. "Biroq u paytlar hali kamchilik odam plastik naychalar haqida gapirardi", deydi Nunez.
2015 yilda to‘satdan Figgenerning toshbaqa haqidagi videosi chiqib qoladi va Jyek undan videodan kampaniyasi uchun foydalanishni so‘raydi. Video juda ko‘pchilikni ta’sirlantirib, plastiklardan voz kechishga undaydi.
Garchi plastik ishlatishdan butunlay voz kechilmasa-da, asosan, 2015 yilda faollarning harakati, videoning tarqalishi ortidan dunyoning 30 dan ortiq davlatida bir martalik plastik buyumlarga taqiq qo‘yildi.
Okeanlarni muhofaza qilish notijorat tashkilotining 2023 yilgi hisobotida aytilishicha, o‘tgan yillarda plastik naylar qirg‘oqlarni tozalash paytida yig‘ilgan narsalar ro‘yxatida doimiy ravishda birinchi o‘rinni egallagan. Ammo yaqinda ularning ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, plyaj tozalash joylarida plastik naylar kamroq topila boshlandi. 2019 yilda plastik naychalar qirg‘oqda eng ko‘p uchraydigan plastik buyumlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinda edi, lekin 2023 yilga kelib ular bu ro‘yxatda 10-o‘ringa tushib qoldi.
Agar siz ham plastik naychalarni ishlatishni yaxshi ko‘rsangiz, siz ishlatgan buyum sabab biror tirik jonzot qiynalishi mumkinligini unutmang, zarurat bo‘lmasa, shunchaki ulardan voz keching.
Mavzuga oid
18:19 / 18.10.2024
Olimlar bioplastik okeanda qog‘ozdan ham tezroq parchalanishini aniqladi
12:30 / 09.10.2024
Plastik idishlardagi suv vodoprovod suvidan xavfliroq - tadqiqot
16:30 / 04.10.2024
O‘yinchoqlar va idishlardagi qora plastik saratonga olib kelishi mumkin - tadqiqot
15:54 / 19.09.2024