Jahon | 07:45 / 11.05.2024
6190
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina Xarkiv yo‘nalishida o‘z kuchlarini oshirmoqda

Ukraina prezidenti Rossiyaning sharqiy frontda hujumi kuchayishiga mamlakatning qat’iy javobini e’lon qildi va G‘arb hamkorlarini mudofaa uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘larni yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 10 may, juma kuni kechqurun nutq so‘zlab, Rossiyaning davom etayotgan hujumiga Ukrainaning qat’iy javobini ma’lum qildi. «Asosiy mavzu – Xarkiv viloyatida bugun Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga qarshi amaliyotlarini kengaytirishga harakat qildi», — deyiladi prezidentning Telegram'da e’lon qilingan matnida. Zelenskiyning yozishicha, dushman kuchlari katta, ammo Ukraina Qurolli kuchlari javob zarbalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

«Biz Xarkiv yo‘nalishi bo‘yicha ham davlat chegaramiz bo‘ylab, ham butun front chizig‘i bo‘ylab ularni doimo yo‘q qilamiz, Rossiyaning har qanday hujumkor niyatlariga barham beramiz», deyiladi xabarda.

Zelenskiy, shuningdek, G‘arb hamkorlarini Ukraina himoyachilarini va’da qilingan qurollarni o‘z vaqtida yetkazib berishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi. «Haqiqatan ham foydali paket (harbiy yordam), bu - Ukrainaga yetkazilgan qurol, shunchaki ular haqidagi e’lon emas», - deb yozgan Ukraina prezidenti.

Kirbi: Rossiyaning Xarkivga hujumi paytida AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi

Oq uyning 10 may kuni ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani Rossiya armiyasining kuchaygan hujumidan himoya qilish uchun qurol-yarog‘ bilan ta’minlash maqsadida kecha-yu kunduz ishlamoqda, mamlakatning ikkinchi yirik shahri - 1,5 millionlik Xarkiv nishonga olingan. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi jurnalistlarga «ruslar Xarkivga kattaroq hujumga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin», dedi.

Shu kuni Ukraina Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasining Xarkiv viloyati chegarasida harakatlari faollashgani haqida bayonot berdi. Frontning ushbu sektorida mudofaani kuchaytirish uchun u yerga zaxira bo‘linmalari yuborildi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi. Urushni o‘rganish instituti (ISW) fikricha, Rossiya bunday harakatlari bilan Xarkiv aholisini shaharga ehtimoliy hujumni kutib, qochishga majburlamoqchi.

AQSh Ukrainaga favqulodda harbiy yordam sifatida 400 million dollar ajratdi

Avvalroq 10 may kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga mudofaa buyumlari, Mudofaa vazirligi xizmatlari va harbiy tayyorgarlik uchun 400 million dollargacha harbiy yordam ajratish haqidagi farmonni imzolagan edi.

Politico nashrining yozishicha, harbiy yordam paketiga Amerika harbiy omborlaridagi qurollar kiradi: Patriot havo hujumidan mudofaa raketalari, Stinger zenit raketalari, Bradley piyodalar jangovar mashinalari, MRAP zirhli mashinalari, tankka qarshi Javelin tizimlari va boshqa o‘q-dorilar.

Bundan tashqari, deb yozadi Reuters, Kiyevga artilleriya, NASAMS zenit-raketa komplekslari uchun o‘q-dorilar, tankka qarshi o‘q-dorilar, zirhli mashinalar va jang maydonida darhol foydalanish mumkin bo‘lgan o‘q-dorilar berilishi kerak.

Mavzuga oid