Jamiyat | 17:00 / 13.05.2024
4140
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekenergota’mir” elektrstansiyalarni mavsumga tayyorlash jarayonlari haqida ma’lumot berdi

Issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida jami 53 ta obektda, shu jumladan, 14 ta energoblok, 28 ta qozon qurilmasi, 7 ta bug‘-gaz qurilmasi, 3 ta gaz-turbina qurilmasi va 1 ta turbogeneratorda mukammal, o‘rta va joriy ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan. Bunda asosiy pudratchilardan biri sifatida “O‘zbekenergota’mir” AJ ishtirok etmoqda.

Foto: O‘zbekenergota’mir

Mavsumga tayyorgarlik joriy yilning fevral oyidan boshlangan bo‘lib, bugungi kunga kelib 1 ta energoblok, 2 ta bug‘-gaz qurilmasi 3 ta qozon agregatida ta’mirlash ishlari yakunlandi. Ayni kunlarda 1 ta bug‘-gaz qurilmasi, 5 ta energoblok va 14 ta qozon agregatlarida ta’mir ishlari amalga oshirilmoqda.

Rejalashtirilgan ta’mir ishlari to‘liq amalga oshirilishi evaziga energoqurilmalarning mavjud quvvati 281 MVt hamda qozon qurilmalarining ishlab chiqarish quvvati 150 tonna-soatga oshirilishiga erishiladi.

Ayni paytgacha, Tolimarjon IES va To‘raqo‘rg‘on IESda yirik bug‘-gaz qurilmalari mavsumga shay holatga keltirildi. Bu yerda “O‘zbekenergota’mir” AJ mutaxassislari Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasi muhandislari bilan birgalikda ish olib borishdi.

Issiqliq elektr stansiyalari tizimida an’anaviy energobloklar ta’miriga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, ular qish mavsumida kuzatiladigan sovuq ob-havo sharoitida elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin egallaydi. Jumladan, Toshkent IES misolida olib qaraydigan bo‘lsak, kuni kecha korxonaning 12-sonli an’anaviy energoblokida ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

“O‘zbekenergota’mir” AJ 200 ga yaqin mutaxassislari ishtirok etgan ushbu jarayonda energoblokning turbina va qozon qurilmalari, transformator va boshqa yordamchi uskunalarda ta’mirlash va sozlash ishlari bajarildi.

Natijada, energoblokning ishlab chiqarish quvvati 120 MVtdan 155 MVtgacha oshirilgan bo‘lsa, qozon agregatining bug‘ ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 448 tonna-soatdan 528 tonna-soatgacha oshirilishiga erishildi. Shuningdek qozonning foydali ish koeffitsiyenti 88,68 foizdan 90,44 foizgacha oshirilishiga erishildi. Bunda asosiy yoqilg‘i hisoblangan tabiiy gaz sarfi 140 mln. kubmetrga iqtisod qilinishi ta’minlanadi.

Ushbu yuqori darajali texnologik jarayonlarda “O‘zbekenergota’mir” AJ mutaxassislari, elektr stansiyalari shaxsiy tarkibi va aytib o‘tganimizdek, xorijiy kompaniyalar shef-muhandislari faol ishtirok etmoqda.

Ta’mir ishlarini sifatli va o‘z muddatida bajarishdan ko‘zlangan maqsad – aholi, ijtimoiy soha obektlari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash.

Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekenergota’mir” AJ bugun elektr stansiyalari uchun yuqori darajali texnik ta’minot ko‘rsatuvchi mutaxassislar tizimiga aylanib bo‘ldi. Bunda tizimda malakali mutaxassislarni maqsadli tayyorlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid