Yevroparlament deputati Xitoy maxsus xizmatlaridan pul olganlikda gumonlanmoqda
Maksimilian Kraning Xitoy foydasiga josuslikda gumon qilingan sobiq yordamchisi uning hisob raqamlariga pul o‘tkazgan. Tergov ularning kelib chiqishini aniqlamoqda. GuM deputati, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan to‘lovlar olganlikda ham gumon qilinmoqda.
O‘ng qanot populistik «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasidan Yevroparlament deputati Maksimilian Kra Xitoy razvedka xizmatlaridan pul olgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda WDR, NDR media-kompaniyalari va Süddeutsche Zeitung (SZ) gazetasining 16 may, payshanba kuni chop etilgan surishtiruvida aytiladi. Vositachi Kra ofisining xodimi bo‘lishi mumkin - aslib kelib chiqish xitoylik bo‘lgan Germaniya fuqarosi Tszyan G., u xorijiy razvedka xizmatining agenti sifatida ishlaganlikda gumon qilinmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, G. bo‘lajak Yevroparlament saylovlarida GuMning yetakchi nomzodiga katta summani bir necha bor yuborgan, shu jumladan Kra yuridik firmasi tomonidan berilgan soxta hisob-fakturalar orqali. Shunday qilib, tergovchilar advokatlik firmasining hisobiga Xitoy kompaniyasidan kelib tushgan 14 ming yevroni aniqladi. Kraning o‘zi 2023 yil yanvar oyida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasidan voz kechganini aytdi.
Tszyan G.ning tutib olingan xabarlari
Xavfsizlik idoralari Tszyan G. faoliyati haqida uning aloqalarini bir yildan ortiq kuzatib borish orqali ma’lumot olgan. Xususan, xabarlardan birida erkak 20 yil davomida Xitoy razvedka xizmatining xodimi bo‘lganini ma’lum qilgan. Yana bir xabarda G. Yevroparlament deputati rahbariga jami 50 ming yevrodan ortiq pul to‘laganini aytgan. Tergovchilar pullar deputat yordamchisining o‘z mablag‘lari hisobidan emas, balki Xitoy razvedkasi hisobidan kelganini taxmin qilmoqda.
Kra o‘z advokati orqali OAV so‘rovlaridan avval yordamchisiga ehtimoliy pul to‘lovlari bo‘yicha gumonlar haqida «bilmaganini» tushuntirdi. Drezden prokuraturasi Kraga nisbatan «parlament a’zosi sifatidagi faoliyati uchun Rossiya va Xitoydan pul olgani haqidagi taxminlar» bo‘yicha dastlabki tergov o‘tkazmoqda.
Kraning xodimi hibsga olinishi
Kraning yordamchisi Tszyan G. 22 aprel kuni Drezdenda jinoyat ishlari bo‘yicha boshqarma xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Uning uyida tintuv o‘tkazildi. Germaniya bosh prokurori u «Xitoy razvedka xizmati xodimi» ekanligini va 2024 yil yanvar oyida «Yevropa parlamentidagi muzokaralar va qarorlar haqidagi ma’lumotni razvedka xizmatidan bo‘lgan buyurtmachiga» uzatganini aytdi. Yevroparlamentdan rasmiy ma’lumotlarni topshirishdan tashqari, u razvedka xizmatining ko‘rsatmasi bilan Germaniyadagi xitoylik muxolifatchilarni kuzatish bilan shug‘ullangan. 24 aprel kuni Tszyan G. hibsga olindi.
Germaniya huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan Tszyan G. Yevroparlamentdan ma’lumotni xorijiy razvedka xizmatiga uzatgan. Maksimilian Kraning o‘zi Xalqaro savdo qo‘mitasi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi parlamentining inson huquqlari, xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha quyi qo‘mitalarining a’zosi va AQSh bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiya tarkibiga kiradi. U 2019 yildan buyon birga ishlagan xodimi hibsga olingani haqida OAVdan bilganini aytdi. U qo‘shimcha ma’lumotga ega emasligini bildirdi. «Xorijiy davlat foydasiga josuslik qilish jiddiy ayblovdir», dedi Kra Tszyan G.ni darhol ishdan bo‘shatganini qo‘shimcha qilib.
Yevropada rus propagandasi bilan bog‘liq yangi mojaro mart oyida, Chexiya hukumati Yevropada Rossiya davlati tashviqotini tarqatish va yevropalik siyosatchilarga pora berish bilan shug‘ullangan «Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan ta’sir tarmog‘i» topilganini e’lon qilganidan so‘ng avj oldi. Germaniyaning Der Spiegel nashri va Chexiyaning Denik N gazetasi tomonidan tafsilotlar e’lon qilindi. Ularga ko‘ra, sxemaning bir qismi Voice of Europe yangiliklar sayti bo‘lib, tarmoq markazida «Muxolifat platformasi - hayot uchun» sobiq rossiyaparast Ukraina partiyasi rahbari va Rossiya prezidentiga yaqin shaxs Viktor Medvedchuk turgan.
Mavzuga oid
13:00
Tianjinga sayohat: Birinchi “Yinghua O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik sinfi”muvaffaqiyatli o‘tkazildi
07:50
Xitoy O‘zbekistonda shamol turbinalari uchun qanot ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda
22:39 / 04.11.2024
Xitoy Yevropa Ittifoqi bilan elektromobillar bo‘yicha «savdo urushiga» kirishdi
18:33 / 04.11.2024