Jahon | 09:50 / 20.05.2024
2958
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va Fransiya Gurjistondagi vaziyatdan «xavotirda»

Germaniya va Fransiya Gurjistondagi vaziyatdan «tashvish» bildirdi va mamlakat Yevropa yo‘lidan og‘ib ketganini ta’kidladi.

Foto: Mixail Yegikov/ TASS

Germaniya va Fransiya Gurjistondagi mavjud vaziyat munosabati bilan «chuqur tashvish» bildirdi. Tegishli qo‘shma bayonot 19 may, yakshanba kuni Germaniya hukumatining rasmiy saytida e’lon qilindi. 

Shuningdek, hisobotda aytilishicha, Germaniya va Fransiya «Gurjiston Yevropa yo‘lini qat’iy qo‘llab-quvvatlagan» va Yevrokomissiyaning 2023 yil dekabrida Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini berish haqidagi qarorini «faol olqishlagan». «Biz Gurjiston hukumati va hukmron partiyasining umumiy Yevropa qadriyatlarimiz hamda gurji xalqi orzu-umidlariga zid ish qilib, bu yo‘ldan og‘ish haqidagi qarorini chuqur afsus bilan e’tiborga olamiz», — deyiladi bayonotda. 

Bir necha kun oldin Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va uning o‘n bir yevropalik hamkasbi Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrelni «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi munozarali qonun loyihasining qabul qilinishi Gurjiston Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istiqbollariga qanday ta’sir qilishini baholashga chaqirdi. Maktub mualliflariga ko‘ra, «taklif etilayotgan qonun Gurjistonda demokratiya va inson huquqlari nuqtayi nazaridan xavotirli regressiyaning yana bir belgisidir».

Gurjistonda qonun va unga qarshi norozilik 

Aprel oyi boshida Gurjistonning hukmron partiyasi – «Gurjiston orzusi» parlamentga «chet el agentlari» haqidagi qonun ruscha versiyasiga o‘xshash «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini taqdim etdi. 

Tbilisida ushbu qonun loyihasining qabul qilinishiga qarshi ommaviy namoyishlar bir oydan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda. Namoyishchilarni, jumladan, Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili ham qo‘llab-quvvatladi.

Parlament qonunni qabul qildi, biroq prezident unga veto qo‘ydi 

14 may, seshanba kuni Gurjiston parlamenti bahsli «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunni uchinchi va yakuniy o‘qishda qabul qildi. Bir necha kundan keyin mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili qonun loyihasiga veto qo‘yganini e’lon qildi. «Bu («chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun) bizning konstitutsiyamiz va barcha Yevropa standartlariga ziddir, shuning uchun bizning Yevropa yo‘limizga to‘siq bo‘ladi», dedi u. 

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel 19 may, yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida Gurjiston prezidenti tomonidan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qo‘yilgan veto «keyinchalik mulohaza yuritish uchun asos beradi», dedi. Chunki «hozirgi ko‘rinishida qonun Yevropa qadriyatlari va Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga intilishlariga mos kelmaydi». U, shuningdek, qonunning qabul qilinishiga rozi bo‘lmagan gurji siyosatchilarini prezident vetosidan Gurjistonni «aholi qo‘llab-quvvatlaydigan Yevropa yo‘lidan» borish uchun foydalanishga chaqirdi. 

Mavzuga oid