O‘zbekiston | 14:03 / 20.05.2024
27091
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hafta o‘rtasidan yana yomg‘irli ob-havo kutilmoqda

O‘zbekiston bo‘ylab chorshanbagacha quruq ob-havo kuzatiladi, harorat +24...+29 darajagacha ko‘tariladi. Payshanbadan boshlab ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Dam olish kunlari kuzatilgan yomg‘irli va salqin ob-havodan so‘ng 20-22 may kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq ob-havo bo‘ladi. 

Faqat Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida dushanbaning birinchi yarmida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

23-24 mayda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

Ushbu kunlarda harorat ko‘tariladi va haftaning o‘rtasiga kelib +24...+29 daraja, janubda +30...+32 darajaga yetadi.

22−23 may kunlari cho‘l hududlarda, 24 mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 20−24 may kunlar vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi saqlanib turadi.

Poytaxtda dushanbaning birinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat +22...+24 daraja bo‘ladi.

21−22 mayda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 23 mayda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat asosan kechalari +14...+17 daraja, kunduz kunlari +25...+27 daraja bo‘ladi.

Mavzuga oid