Jahon | 14:29 / 20.05.2024
4432
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Eron prezidentining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Yevropa Ittifoqi vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari bilan hamdarddir, dedi Yevropa Ittifoqi kengashi rahbari Sharl Mishel. Marhum Ibrohim Raisiy o‘rniga Eron prezidenti lavozimini vitse-prezident Muhammad Mohbar egallaydi.

Foto: AP

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa bir qator yuqori martabali Eron vakillarining vertolyot qulashi tufayli vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. «Yevropa Ittifoqi vertolyot halokatida prezident Raisiy va Tashqi ishlar vaziri Abdullohiyon, shuningdek, ularning delegatsiyasi va ekipaj boshqa a’zolari halok bo‘lgani bo‘yicha samimiy hamdardlik bildiradi. Biz qurbonlarning oila a’zolari bilan birgamiz», deb yozadi Mishel o‘z maktubida.

19 may kuni Eron shimoli-g‘arbida vertolyot qulashi oqibatida Ibrohim Raisiy, Eron tashqi ishlar vaziri Hussayn Amir Abdullohiyon, shuningdek, Tabriz masjidi imomi Sayid Muhammad Ali al-Hoshim va Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy halok bo‘ldi. Eronning yuqori martabali delegatsiyasi Ozarboyjondan qaytayotgan edi. Qutqaruvchilar halokatga uchragan vertolyotni faqat 20 may tongida topishga muvaffaq bo‘lishdi. 

«Eron xalqi uchun tinimsiz mehnat qilgan prezident mamlakat uchun jonini fido qildi», — deya e’lon qildi Tehrondagi hukumat.

Eronda prezidentlik saylovlari

Raisiy o‘rniga birinchi vitse-prezident Muhammad Mohbar kelishi kutilmoqda. Bu Eron konstitutsiyasida «prezident vafot etgan, ishdan bo‘shatilgan, iste’foga chiqqan, ikki oydan ortiq vaqt davomida ishda bo‘lmagan yoki kasal bo‘lgan» taqdirda belgilangan mexanizmdan kelib chiqadi. Mohbarning bu lavozimga tayinlanishini Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy ma’qullashi kerak, u mamlakat hukumati ishlarida so‘nggi so‘zni aytadi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, yangi rahbarni saylash uchun prezidentlik saylovlari 50 kun ichida o‘tkazilishi kerak. Ovoz berishni tashkil etish majlis raisi, sud hokimiyati rahbari va Eron vitse-prezidentidan iborat kengash tomonidan amalga oshiriladi.

68 yoshli Muhammad Mohbar Raisiy 2021 yil avgustida prezident lavozimiga kelganida vitse-prezident etib tayinlangan edi. U Xuziston viloyatining Dizful shahrida tug‘ilgan bo‘lib, u yerda bir qancha rasmiy lavozimlarda ishlagan. 2007 yildan beri Muxbar uzoq yillar davomida 1979 yilgi Islom inqilobidan keyin musodara qilingan mol-mulkni boshqaradigan fondga rahbarlik qilgan. O‘n yilliklar davomida ushbu fond Eron iqtisodiyotining ko‘plab tarmoqlarida ulushga ega bo‘lgan yirik davlat konglomeratiga aylandi.

Mavzuga oid