Jahon | 07:27 / 21.05.2024
4376
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ittifoqchilarning qurol bo‘yicha qarorlari kechikmoqda

Ukraina prezidenti G‘arb ittifoqchilarini sust yordam bergani uchun qoraladi va ularni urushda, xususan, Ukraina havo mudofaasida bevosita ishtirok etishga chaqirdi.

Foto: AP

G‘arb ittifoqchilari Kiyevga harbiy yordam bo‘yicha muhim qarorlarni qabul qilish uchun juda uzoq vaqt o‘ylamoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 20 may, dushanba kuni chop etilgan Reuters agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Qabul qilinadigan har bir qaror taxminan bir yilga kechikmoqda», dedi Zelenskiy Ukrainaga qurol va o‘q-dorilar yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyatni izohlar ekan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Kiyev Rossiyaga havoda qarshi turish uchun zudlik bilan «kamida 120-130 qiruvchi»ga muhtoj. «Hozir buni ta’minlay olmaysizmi? Yaxshi, unda qo‘shni NATO mamlakatlaridagi samolyotlarga qaytaylik, nishonlarni urib, tinch aholini himoya qilaylik», dedi Zelenskiy. 

«Hamma ukrainaliklar o‘layotganiga o‘rganib qoldi»

Ukraina prezidenti ittifoqchi davlatlarning Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushiga ko‘proq jalb etilishini istayapti. «Bu iroda masalasi, - dedi u. - Hamma ukrainaliklar o‘layotganiga o‘rganib qoldi - odamlar uchun bu keskinlik emas».

Zelenskiy shuningdek, Kiyev Rossiya Federatsiyasi hududida Rossiya harbiy texnikasiga zarba berish uchun G‘arb qurollaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlar bilan muzokaralar olib borayotganini, ammo hozircha bunday hujumlar bo‘yicha «kelishuv yo‘q»ligini aytdi.

«Tinchlik sammitida imkon qadar ko‘proq mamlakatlarni birlashtirish kerak»

15-16 iyun kunlari Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan global tinchlik sammiti haqida gapirar ekan, Zelenskiy tadbirga imkon qadar ko‘proq davlatni yig‘ish zarurligini ta’kidladi. «Va keyin Rossiya Ukraina oldida emas, balki dunyoning aksariyat davlatlari oldida javob berishi kerak», dedi u.

Xususan, Zelenskiy Xitoyning sammitdagi ishtiroki muhimligini ta’kidladi, u hali o‘z qarorini e’lon qilmagan. Sammitdan so‘ng «kim urushni tugatishni va kim Rossiya Federatsiyasi bilan mustahkam aloqalarni saqlab qolishni istashi» aniq bo‘ladi, dedi Ukraina rahbari. 

Zelenskiy: Ukraina hali ham urushda g‘alaba qozonishi mumkin

Prezident, shuningdek, so‘nggi bir necha oy ichida harbiy muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, Ukraina urushda g‘alaba qozonishi mumkinligini ham ta’kidladi. «Biz bu yo‘ldan oxirigacha borishimiz kerak, eng yaxshisi g‘alaba sari, garchi bugun odamlar «g‘alaba» so‘zini shubha bilan qabul qilsalar ham», dedi u. 

Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv viloyatidagi hujumini izohlar ekan, Zelenskiy vaziyat «nazorat ostida» ekanini aytdi. 

Mavzuga oid