Jahon | 19:35 / 26.05.2024
16389
6 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro sud prokurori nega Netanyahuni hibsga olishga order so‘rayotganini tushuntirdi

Karim Ahmad Xon ingliz nashriga bergan intervyusida o‘z pozitsiyasini tushuntirish uchun Shimoliy Irlandiyadagi separatizmni misol qilib keltirdi. U ayirmachilarning bosh vazirga suiqasd va terakt uyushtirganiga qaramay, rasmiy London Belfastga 2000 funtlik bomba tashlash haqida o‘ylamaganini ta’kidladi. “Bunday urush qilish mumkin emas”, dedi u.

Foto: Xalqaro sud

BMT Xalqaro sudi prokurori, britaniyalik yurist Karim Ahmad Xon suddan Isroil va HAMAS rahbarlarini hibsga olish uchun order berishni so‘ragani yuzasidan izoh berdi.

U Britaniyaning The Times nashriga bergan intervyusida aytishicha, Isroil – huquqiy-demokratik davlat, shu sababli u HAMAS bilan teng emas. Isroil o‘zini himoya qilish va garovga olinganlarni qaytarish huquqiga ega, lekin urush jinoyatlari yoki insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etishga hech kimning haqqi yo‘q.

Prokuror o‘z fikrini tushuntirarkan, Shimoliy Irlandiyada 1960-yillardan 1998 yilgacha davom etgan mojaroni misol qilib keltirdi. O‘shanda ayirmachi irlandlar Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcherni o‘ldirishga uringan, Britaniya parlamenti binosidagi portlashda deputat Eyri Niv va lord Mauntbetten halok bo‘lgandi. Shuningdek, Shimoliy Irlandiyadagi Enniskillen shahrida terakt sodir etilgan, “Irlandiya respublika armiyasi” (IRA – ayirmachi guruh) a’zolari qo‘lga olinganlarni qiynoqqa solgan.

“Lekin inglizlar: “Xo‘sh, [Belfast shahri markazidagi] Folls-roudda IRA a’zolari va tarafdorlari bo‘lishi mumkin, bu shubhasiz, shuning uchun kelinglar, Folls-roudga 2000 funtlik bomba tashlaylik” deyishmagan. Bunday qilish mumkin emas”, – dedi Xon.

Prokuror Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak va Amerika prezidenti Jo Baydenning gaplariga munosabat bildirdi. Sunak Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olish uchun order berilishini so‘rash “mutlaqo befoyda” ekanini aytgan bo‘lsa, Bayden bunday so‘rov odamning “g‘azabini keltirishi”ni aytgandi.

“Bizning ishimiz do‘st orttirish emas. Bizni olqishlashsa ham, qoralashsa ham, o‘z ishimizni qilishimiz kerak. Biz tobora qutblanib borayotgan dunyoda har bir bolaning, har bir ayolning, har bir fuqaroning teng qadr-qimmatli ekaniga urg‘u berishimiz kerak. Agar biz bunday qilmasak, bizning nima keragimiz bor?” – deya tushuntirdi u.

“Agar davlatlar [hibsga olish orderini bajarish bo‘yicha] chora ko‘rmasa, bu katta oqibatlarga olib keladi. Xalqaro sud – ularning farzandi, men esa shunchaki enaga yoki yollangan yordamchiman. Ularda tanlov imkoniyati bor: bu bolaga g‘amxo‘rlik qilish yoki uni tashlab ketgani uchun javobgar bo‘lish”, – deya ta’kidladi Karim Ahmad Xon.

U falastinlik bolalarning taqdiri qanday kechayotgani haqidagi xalqaro xayriya tashkilotlarining hisobotlariga e’tibor qaratishga chaqirdi. “Yoki, – deya davom etdi prokuror, – amerikalik va britaniyalik shifokorlarning Falastin hududida anesteziyasiz qilinayotgan amputatsiyalar, elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli o‘layotgan chaqaloqlar va insulindan mahrum bemorlar haqida nimalar deyishayotganini tinglashimiz kerak”.

“Urushni bunaqa olib borish mumkin emas. Agar xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilish shunday bo‘lsa, Jyeneva konvensiyalari befoyda”, — deya xulosa qildi Xon.

Prokurorning qo‘shimcha qilishicha, uning ofisiga har kuni tahdid va boshqacha shakldagi bosimlardan iborat xabarlar keladi.

Ma’lumot uchun, BMT Xalqaro sudi prokurori Karim Ahmad Xon suddan Isroil va HAMASning yuqori lavozimlari mansabdorlarini hibsga olish uchun order berishni so‘ragani haqida 20 may kuni ma’lum qildi.

Prokurorning so‘rovida Isroil tomonidan bosh vazir Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Gallant ko‘rsatilgan. Ular “qirg‘in qilish va ochlikdan o‘ldirishni urush usuli sifatida qo‘llash, xususan gumanitar yordam yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilish, tinch aholiga qasaddan hujum uyushtirish”da ayblanmoqda.

Falastin tomonidan esa, prokurorning xulosasiga ko‘ra, HAMASning harbiy qanoti – Al-Qassam brigadasi rahbari Muhammad Diab Ibrohim al-Masri va guruhning siyosiy rahbari Ismoil Xoniya hibsga olinishi kerak. Karim Ahmad Xon ularga “qirg‘in qilish, qotillik, garovga olish, tutqunlikdagi shaxsni zo‘rlash” ayblovlarini qo‘ygan.

Isroil bosh vaziri Binyanmin Netanyahu Xalqaro sud prokurorining pozitsiyasini “haqiqatni mutlaqo buzib ko‘rsatish” va “yangi antisemitizm” deb atadi.

Janubiy Afrika Respublikasining Isroil tomonidan Falastinda genotsid amalga oshirilayotgani bo‘yicha da’vosini ko‘rib chiqayotgan Xalqaro sud juma kuni navbatdagi oraliq qarorini e’lon qildi. Qarorda Isroil zimmasiga G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga hujumni zudlik bilan to‘xtatish, sektorga tergovchilar kirishiga imkon berish majburiyatlari yuklatilgan.

Avvalroq BMT xavfsizlik nuqtayi nazaridan Rafahda oziq-ovqat tarqatishni to‘xtatishga majbur bo‘lgandi.

Mavzuga oid