30 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar
Toshkent City’da sotilayotgan bank binolari, stadionga Captiva’sida bostirib kirgan bezori, Xorazmda tuzilgan shikoyatchilar ro‘yxati va pishishi kechikayotgan gilos - O‘zbekistonda 30 may kuni yuz bergan muhim voqea-hodisalar hamda yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz.
Banklarning osmono‘par binolari sotilmoqda
Davlat banklarining Toshkent City'dagi binolari sotuvga qo‘yildi. Bu binolar qurilayotgan chog‘da faollar hozirgi zamonaviy dunyoda banklar ko‘pqavatli ofislardan qochayotgani, banklar raqamlashayotgani internetga ko‘chayotgani va bunday binolarni qurish samarasiz harakat ekani haqida ogohlantirishgandi.
Mana, ko‘p o‘tmasdan Sanoatqurilishbankning 33 qavatli, “Asakabank” va “Aloqabank”ning 26 qavatli binolari (biznes markazlar) sotiladigan bo‘ldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ko‘ra, investorlarning qiziqishiga qarab, mazkur binolar to‘liq yoki lotlarga bo‘lgan holda sotilishi mumkin.
Qizig‘i shundaki, mazkur banklarning binolari Xitoydan olingan yuqori foizli kreditlar evaziga, xitoylik ishchilar tomonidan barpo etilgan.
Endi hozircha noma’lum bo‘lgan investorlarning bu biznes markazlarini sotib olishga qiziqishlari, shuningdek sotib olish shakli, ya’ni binoni to‘liq sotib olish yoki lotlarga bo‘lgan holda sotib olish bo‘yicha fikrlarini o‘rganish orqali sotishga yondashuv mexanizmi ishlab chiqiladi.
Binolarni qurishga sarflangan puldan arzonroq sotilishi ham mumkin.
Captiva’li bezoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Sirdaryoda Captiva mashinasini stadionga haydab chiqqan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Captiva” haydovchisi atrofdagilarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, mashinani odamlar ustiga haydab borgan.
Voqea Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida futbol o‘yini o‘tkazilayotgan chog‘da yuz bergan. Ammo aynan qaysi sanada yuz bergani ma’lum qilinmagan.
Sirdaryo viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa Sirdaryo viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilib, tegishli qaror qabul qilingan.
Unga ko‘ra “Captiva” haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277 - moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Haydovchi tegishli tartibda qamoqqa olingan, mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
“Shikoyatchi fuqarolar” ro‘yxati tuzildi.
Xorazmda “shikoyatchi fuqarolar” ro‘yxati tuzildi. Fuqarolarni bu tarzda ta’qib qilish qonunga zid ekani aytilmoqda.
Ro‘yxatga “ariza tashkillashtirishni odat qilib olgan”lik aybi bilan viloyatning 5 ta hududi kesimida 44 nafar fuqaro kiritilgan. Ularning ayrimlari shunchaki murojaatlar sonini oshirib, minnatdorchilik bildirgani uchun “qora ro‘yxat”dan joy olganini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda murojaat qilganlik uchun shaxsni ta’qib qilish mavjud qonunchilikka zid hisoblanadi.
Xorazmda “shikoyatchi fuqarolar ro‘yxati” tuzildi. Urganch va Xiva shaharlari, Qo‘shko‘pir, Xiva hamda Yangiariq tumanlari kesimida tuzilgan ro‘yxatdan 44 nafar fuqaro joy olgan.
Mazkur ro‘yxat qaysi tashkilot tomonidan nima maqsadda tuzilgani yoki qayerga taqdim etilgani aniq emas.
O‘zbekistondan meva eksporti
O‘zbekistonda gilos hosili rekord darajada kechikmoqda. EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida 2024 yil bahori noodatiy salqin va yomg‘irli bo‘lgan, bu ko‘plab mevalar, jumladan, gilosning pishishida kechikishlarga olib kelgan.
O‘zbekistonda gilosning birinchi ulgurji partiyalari odatda aprel oyining oxirida bozorga chiqsa, 2024 yilda birinchi yirik partiyalar faqat may oyining o‘rtalarida paydo bo‘ldi. An’anaga ko‘ra, O‘zbekistonda gilos mavsumi iyun oyining o‘rtalarida tugaydi, lekin 2024 yilda u may oyining oxirgi haftasida boshlanadi.
Ayni paytda bozorda 28+ kalibrli gilosning katta miqdori hali ham mavjud emas, shuning uchun xalqaro bozorda eng maqbul bo‘lgan ushbu toifadagi o‘rtacha narx ham belgilanmadi.
Darvoqe, Statistika agentligi O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari ma’lum qildi.
2024 yilning yanvar-aprel oylarida xorijga qiymati 298,5 mln dollarga teng bo‘lgan 514,8 ming tonna meva va sabzavotlar eksport qilindi.
Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (26,3 foiz), Pokiston (24,2 foiz), Qozog‘iston (13 foiz) va Xitoy (9,3 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
JST a’zoligi sari yo‘l
O‘zbekiston 2 yil ichida — 2026 yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan vazirlar konferensiya-sammitiga qadar Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lmoqchi. Bu haqda — bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev a’zolik jarayoni bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadida sobit turibdi va bu yo‘nalishda ilgarilash uchun mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda”, – degan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari.
Jamshid Xo‘jayev ishchi guruh a’zolarini O‘zbekistonning a’zolik jarayoniga “sarmoya kiritish va qo‘llab-quvvatlash”ga chaqirgan, ularning “hamkorligi, malakasi va yordami” muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topishi uchun juda muhimligini ta’kidlagan.
Ishchi guruh raisi, Janubiy Koreyaning JSTdagi elchisi Yun Sung Dok muzokaralar jadallashganini qayd etgan.
O‘zbekiston ishchi guruhning o‘tgan yili noyabrda bo‘lib o‘tgan 7-uchrashuvidan keyingi oylarda tashkilotning 33 a’zosi ikki tomonlama faol muzokaralar olib borgan; Dominikan Respublikasi, Isroil, Yaponiya va Urugvay bilan ikki tomonlama shartnomalar imzolagan.
Mavzuga oid
20:43 / 08.11.2024
8 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:04 / 07.11.2024
7 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:35 / 06.11.2024
6 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:18 / 05.11.2024