Jahon | 10:24 / 31.05.2024
4957
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Sloveniyani Falastinni tan olmaslikka chaqirdi

Falastin mustaqilligini tan olish hamaschilar uchun mukofot bo‘ladi, dedi Isroil tashqi ishlar vaziri Kats. Sloveniya parlamenti 4 iyun kuni Falastinni tan olish uchun ovoz beradi.

Foto: Reuters

Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats Sloveniya parlamenti a’zolari Falastin davlatini tan olishdan bosh tortishiga umid bildirdi. «Sloveniya hukumatining parlamentga Falastin davlatini tan olishni tavsiya etish haqidagi qarori HAMAS uchun mukofotdir... Umid qilamanki, Sloveniya parlamenti bu tavsiyani rad etadi», — deb yozdi Kats 30 may, payshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida

Avvalroq Sloveniya parlamenti 4 iyun kuni Falastin davlati mustaqilligini tan olish masalasi bo‘yicha ovoz berishi ma’lum bo‘lgandi. Falastin mustaqilligi yaqinda Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya tomonidan tan olindi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 36 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid