Xitoy rahbari G‘azo bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishga chaqirdi
Si Jinpingning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy mustaqil Falastin davlatini yaratish, Falastinning BMTga to‘liq a’zo bo‘lishini va «kattaroq, nufuzli va samarali xalqaro tinchlik konferensiyasi o‘tkazilishini» qo‘llab-quvvatlaydi.
Xitoy rahbari Si Jinping Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi urushni tugatish uchun keng ko‘lamli tinchlik konferensiyasi o‘tkazishga chaqirdi. «Yaqin Sharq – rivojlanish uchun katta istiqbolga ega mamlakat, biroq u yerda hamon urush davom etmoqda», — dedi Xitoy rahbari 30 may, payshanba kuni Pekinda arab davlatlari vakillari oldida qilgan chiqishida. Uning so‘zlari Xitoy Tashqi ishlar vazirligi saytida keltirilgan.
«Urush cheksiz davom eta olmaydi, adolat abadiy yo‘q bo‘lib qolmaydi va «ikki davlat yechimi»ni o‘zboshimchalik bilan buzib bo‘lmaydi», - dedi Si Jinping. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy «1967 yildagi chegaralar doirasida to‘liq suverenitetga ega bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini, uning poytaxti Sharqiy Quddusni tashkil etishni, Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo sifatida kirishini va kengroq, obro‘li hamda samaraliroq xalqaro tinchlik konferensiyasi o‘tkazilishini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi».
Misr prezidenti G‘azoda «Isroil qamalini» to‘xtatishga chaqirdi
Si Jinpingdan so‘ng so‘zlagan Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi xalqaro hamjamiyatni Isroilning G‘azo sektorida HAMASga qarshi urushini to‘xtatishga chaqirdi. «Xalqaro hamjamiyatni G‘azoga zudlik bilan uzoq muddatli gumanitar yordam ko‘rsatishga, Isroil qamalini to‘xtatishga va falastinliklarni o‘z yerlarini majburan tark ettirishga urinishlarni to‘xtatishga chaqiraman», — dedi as-Sisi.
Bir kun avval Misr rahbari bilan muzokaralar chog‘ida Si Jinping G‘azodagi «o‘ta og‘ir» vaziyatdan qattiq xafa ekanligini ta’kidladi. «Hozirgi kunda birinchi ustuvor vazifa mojaro tarqalishining oldini olish, mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka ta’sir ko‘rsatish va […] yanada jiddiy gumanitar inqiroz oldini olish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishdir», dedi Xitoy rahbari. Shuningdek, u Xitoy «Falastin masalasini erta, har tomonlama, adolatli va uzoq muddatli hal etishga erishish» uchun Misr bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 36 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
19:17 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topilishi muhimligini ta’kidladi
14:13 / 08.11.2024
G‘azo sektorida Isroil hujumlarida 16 falastinlik halok bo‘ldi
14:49 / 07.11.2024