Jamiyat | 11:13 / 05.06.2024
10527
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda talonchilik qilgan jinoiy guruh ushlandi

Jinoiy guruh ikkita holatda talonchilik sodir etgan. Hozirda ularning shu kabi jinoyatlarni boshqa viloyatlarda ham amalga oshirgani bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda.

Foto: IIV axborot xizmati

Jizzax viloyatida “Gazel” haydovchisiga jarohat yetkazib, mashinadagi narsalarni o‘g‘irlagan va savdo do‘konida o‘g‘rilik qilgan jinoiy guruh qo‘lga olingan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, uch kishi M-39 Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati hududidan o‘tgan qismida yo‘l chetida to‘xtab turgan “Gazel” mashinasining oynasini sindirgan.

So‘ng haydovchini temir bo‘lagi bilan urib, unga jarohat yetkazgan va uning 350 ming so‘m puli hamda uyali aloqa vositasini tortib olgan.

Jabrlanuvchining IIBga murojaati asosida, tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilib, gumon qilinuvchilardan birining shaxsi aniqlangan. Shuningdek, qonunbuzarlar Cobalt mashinasida harakatlanayotgani ayon bo‘lgan.

Darhol Cobalt kuzatuvga olingan va jinoiy guruh Jizzax hamda Navoiy IIB xodimlari tomonidan Navoiy viloyatida qo‘lga olingan. Bu paytda ular savdo do‘konida o‘g‘rilik qilayotgan bo‘lgan.

Gumon qilinuvchilar bilan o‘tkazilgan tergovga qadar surishtiruv davomida ushbu shaxslar M-39 avtomobil yo‘lida “Gazel” haydovchisiga nisbatan talonchilik qilishganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, Zarbdor tumanida joylashgan oziq-ovqat do‘koni oynasini sindirib, noutbuk, televizor hamda 1 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini o‘g‘irlagani isbotlangan.

Gumondorlar boshqa viloyatlarda ham shu kabi qonunbuzarliklar sodir etgani taxmin qilinmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

Mavzuga oid