Polsha Rossiyaning Ukrainaga zarbalari tufayli jangovar aviatsiyani shay holatga keltirdi
Polsha va ittifoqchilarning jangovar samolyotlari Rossiyaning Ukraina g‘arbiy qismini o‘qqa tutgani sababli faol holatga keltirilgan. Kechasi Rossiya Federatsiyasi Kiyevga ham hujum qildi.
Polsha va uning ittifoqchilari 12 iyun, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Ukrainani o‘qqa tutgani sababli harbiy samolyotlarini havoga ko‘tardi. «Shunga e’tibor qaratamizki, mamlakat janubi-sharqiy qismida Polsha va ittifoqchilar samolyotlari havo kengliklarida parvozlarini boshlashi tufayli shovqin darajasi oshishi mumkin», — deya ogohlantirdi Polsha Qurolli kuchlari tezkor qo‘mondonligi.
Polsha harbiylari Rossiya uzoq masofaga uchuvchi aviatsiyasining faoliyatini kuzatgani, u qanotli raketalari va Shahed dronlari yordamida, shu jumladan Ukraina g‘arbida joylashgan nishonlarga hujumlar uyushtirgani haqida xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya aviatsiyasi Ukraina g‘arbiy qismida oxirgi marta bunday faolligi 6-7 iyun kunlari qayd etilgan.
«Polsha havo hududi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur tartib-qoidalar ishga tushirildi, Qurolli kuchlar tezkor qo‘mondonligi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib boryapti», — deyiladi xabarda.
Rossiya Kiyevga raketalar va dronlar bilan hujum qildi
Kiyev shahar harbiy ma’muriyati chorshanbaga o‘tar kechasi Kiyevga dronlar va qanotli raketalar yordamida qo‘shma havo hujumi uyushtirilgani haqida xabar berdi.
«Dushman Tu-95MS strategik bombardimonchi samolyotlaridan X-101/X-555/X-55 qanotli raketalarini uchirdi. Bu raketalar Kiyevga janubiy yo‘nalishdan bir necha to‘lqinda kirib keldi. Dushman ushbu hujumni qaytarish vaqtida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtga ballistikani ham uchirgan», — deyiladi xabarda.
Havo hujumi taxminan ikki soat davom etdi. Havo hujumidan mudofaa tizimlari barcha havo nishonlarini urib tushirdi, deya qo‘shimcha qildi shahar harbiy ma’muriyati. Parchalarning qulashi natijasida Kiyevdagi sanoat obektida yong‘in sodir bo‘ldi va bir kishi jarohat oldi.
Bundan tashqari, kecha va ertalab butun Ukraina bo‘ylab ikki marta havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Ehtimoliy vayronagarchilik ko‘lami aniqlanmoqda.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga yopirilma hujum paytida 30 ta uchuvchisiz uchoq va raketalardan foydalangan. Ulardan 29 tasi, jumladan «Kinjal», to‘rtta X-101/X-555 qanotli raketalari va barcha 24 ta uchuvchisiz uchoq urib tushirilgan, deya xabar beradi Havo kuchlari qo‘mondonligi.
Mavzuga oid
13:14 / 09.11.2024
Polsha: RF maxsus xizmatlari AQShga reyslarda portlashlar tayyorlagan bo‘lishi mumkin
23:43 / 05.11.2024
Polshada AQSh va Kanada reyslarida terakt uyushtirishni reja qilgan «GRU» agentlari qo‘lga olindi
23:56 / 04.11.2024
Polshada radiostansiya jurnalistlarni ishdan bo‘shatib, sun’iy intellektdan foydalanishga o‘tdi. Bu jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi
14:50 / 04.11.2024