AQSh Rossiyaning KXDRga qurol yetkazib berishi ehtimolidan xavotirda
AQSh Davlat departamenti Vladimir Putinning Shimoliy Koreyaga Rossiya qurol-yarog‘i yetkazib berilishini istisno etmasligini «xavotirli» deb hisoblaydi.
Qo‘shma Shtatlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Shimoliy Koreyaga Rossiya qurollari yetkazib berilishini istisno etmagan bayonotlaridan chuqur xavotir bildirdi. AQSh Davlat departamenti vakili Mettyu Miller 20 iyun, payshanba kuni Putinning so‘zlarini «aql bovar qilmaydigan darajada xavotirli» deb atadi.
«Bu Koreya yarimorolini beqarorlashtirishi mumkin», dedi Miller va KXDRga qurol yetkazib berish «Rossiyaning o‘zi qo‘llab-quvvatlagan BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzishi mumkinligini» qo‘shimcha qildi.
Shu kuni Vladimir Putin jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Rossiyaning Shimoliy Koreya bilan kelishuvlari doirasida Moskva «dunyoning boshqa mintaqalariga qurol yetkazib berish huquqini saqlab qolishini» aytdi. «G‘arbliklar Ukrainaga qurol yetkazib berishadi, lekin biz bu yerda hech narsani nazorat qilmaymiz, deyishadi. Biz ham kimgadir nimadir yetkazib berib, hech narsani nazorat qilmasligimizni aytishimiz mumkin», dedi u .
Shu bilan birga, AFP yozganidek, Putin Janubiy Koreyani Ukrainaga qurol yetkazib bermaslik haqida ogohlantirdi va bu «juda katta xato» bo‘lishini aytdi.
Rossiya KXDR bilan strategik sheriklik shartnomasini tuzdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pxenyanda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Boshqa narsalar qatori, hujjat ishtirokchilardan biriga tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi, dedi Putin 19 iyun kuni Kim Chen In bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha.
Putin imzolangan kelishuvni «ikki davlat o‘rtasida uzoq yillarga mo‘ljallangan munosabatlar asosini tashkil etuvchi hujjat» deb atadi.
Janubiy Koreya Ukrainaga qurol yetkazib berishni boshlashi mumkin
Rossiya va KXDR o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzilganidan so‘ng Janubiy Koreya Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol yetkazib berish masalasini qayta ko‘rib chiqish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Mamlakat milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Chang Xo-Jin 20 iyun kuni «jiddiy xavotir» bildirdi va kelishuv imzolanishini qoraladi, shuningdek, Shimoliy Koreyaning harbiy kuchini mustahkamlashga bevosita yoki bilvosita hissa qo‘shadigan har qanday hamkorlik BMT qoidalarini buzish ekanligini qo‘shimcha qildi.
Janubiy Koreya prezidenti idorasi Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotga hozircha izoh bermadi.
Mavzuga oid
14:22 / 13.11.2024
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
11:22 / 12.11.2024
Shimoliy Koreyadan qochganlar RFdagi KXDR kuchlari orasida dezertirlikka erishmoqchi
10:41 / 12.11.2024
KXDR Rossiya bilan hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi
20:11 / 10.11.2024