O‘zbekiston | 22:00 / 02.07.2024
8302
3 daqiqa o‘qiladi

Urganch tumani qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Urganch tumanining sobiq mansabdorlari 41 ball bonitetli 1,5 gektarlik sug‘oriladigan yerni savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qurilishi uchun noqonuniy ajratib berganlikda gumonlanmoqda.

Foto: Kun.uz

Urganch tumani hokimligining yer uchastkalarini berish masalalari bo‘yicha sobiq komissiyasi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Xorazm viloyati prokuraturasining ma’lum qilishicha, komissiya mansabdorlari sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari maxsus muhofazaga olinib, ushbu yerlarni qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda ajratilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilangan bo‘lsa-da, 41 ball bonitetli 1,5 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonini savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishi uchun ajratib berish to‘g‘risida Urganch tumani hokimining noqonuniy qarori qabul qilinishiga erishgan.

Bu bilan ular jami 1,5 gektar ekin yerlarini oborotdan chiqartirgan holda, yer berish tartibini buzib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazganlikda gumonlanmoqda.

Shuningdek, 15 ming kvadrat metr qurilishi tugallanmagan noturar joy obektining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida joylashgani hamda Urganch shahrining bosh rejasiga muvofiq, yo‘l hududida obektlar joylashtirib bo‘lmasa-da obektning ixtisosini o‘zgartirishga noqonuniy ruxsatnoma berilgan.

Oqibatda, mazkur 14 200 kvadrat metr yer maydonlarida turar-joylar qurilib, sotib yuborilib, davlat va jamoat manfaatlariga 756 mln 531 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Bu holatlar bo‘yicha Urganch tumani hokimligining yer uchastkalari berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sobiq komissiya mansabdor shaxslari, tuman qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘i (ismi keltirilmagan) hamda boshqalarga nisbatan JKning 205-moddasi (vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergovni viloyat prokuraturasi olib bormoqda.

Avvalroq uchta tumanning hokim o‘rinbosarlari pora bilan ushlangan edi.

2022 yilda Urganch tumani hokimi o‘rinbosari 43 ming dollar pora bilan ushlangan edi.

Mavzuga oid