O‘zbekiston | 12:54 / 08.07.2024
5039
3 daqiqa o‘qiladi

“Mening bog‘im”ga ovoz berish yakunlanib, g‘oliblar aniqlandi

“Mening bog‘im” loyihasiga “Ochiq budjet” portali orqali 53 mingdan ortiq ovoz berilgan va 215 ta loyiha g‘olib deb topilgan. G‘olib loyihalarga respublika bo‘yicha 48,6 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Foto: Andrey Vorobev / Yandex xaritalar

O‘zbekistonda ilk bor “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilishga qaratilgan “Mening bog‘im” loyihasi bo‘lib o‘tdi. Tashabbuskorlar 10 iyundan 20 iyungacha “Ochiq budjet” portalida yashil parklar va yashil jamoat parklarini tashkil qilishga oid takliflarini qoldirdi.

Takliflarni saralash 20 iyundan 23 iyungacha, ovoz berish 23 iyundan 3 iyulgacha o‘tkazildi. Takliflarga 53 mingdan ortiq ovoz berildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, ovoz berish jarayoni yakunlari bo‘yicha 215 ta loyiha g‘olib deb topildi.

G‘olib bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish uchun respublika bo‘yicha 48,6 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Mening bog‘im” loyihasi haqida

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, 2024 yildan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda respublika budjetidan har yili ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish uchun “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqilgan “Mening bog‘im” loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilandi.

Bunda “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish bo‘yicha yer maydoni manzili va rasmlari ko‘rsatilgan holda, qiymati 250 mln so‘mdan oshmagan tashabbus bildiriladi.

Ajratiladigan mablag‘lar miqdoriga loyiha-smeta hujjatlari asosida aniqlik kiritiladi. Aniqlik kiritilgan miqdordan oshgan taqdirda loyihaga boshqa loyihalarda iqtisod qilingan mablag‘lar ajratiladi. Shuningdek, loyihalarga viloyatlar va poytaxt kengashlarining qarorlari asosida mahalliy budjetlarning qo‘shimcha mablag‘lari sarflanadi.

Avvalroq, mas’ullar Kun.uz’ga bergan intervyusida “Mening bog‘im” loyihasi qanday tashkil etilishi borasida batafsil ma’lumot bergandi.

Mavzuga oid