Jahon | 18:12 / 08.07.2024
12855
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning xatti-harakatlari jahonda neft narxi tushishiga olib kelishi mumkin

O‘tgan haftada jahondagi neft narxlari barreliga 87 dollarga yetdi. Neft pullari hisobiga kun ko‘radigan mamlakatlar uchun bu yaxshi yangilik, ammo xorijiy tahlilchilar xursand bo‘lish uchun ertaroq ekanidan ogohlantirishmoqda. Neft narxlari yana tushishi mumkin va bunga sabablardan biri Qozog‘istonning xatti-harakatlari bo‘ladi.

Foto: crowe.com

Business Insider nashrining yozishicha, OPEC+ davlatlari tomonidan neft ishlab chiqarish hajmi oshmoqda va kamida uch davlat, jumladan, Qozog‘iston ham qazib olish bo‘yicha kvotalarga amal qilmayapti. Narxlarning o‘sishi talab oshgani tufayli yuz bergan, biroq neft qazib olish hajmining oshishi barqaror narxlarni savol ostida qoldiradi. Qozog‘istondan tashqari neft bozorini «to‘yintirayotgan» bosh qoidabuzarlar Iroq va Rossiyadir.

«OPEC qoidabuzarlarga 2025 yilning sentabrigacha so‘nggi oylarda ortiqchi ishlab chiqarilgan neftni kompensatsiya qilish uchun muddat bergan. Biroq, kompensatsiya u yoqda tursin, Iroq va Qozog‘iston o‘zlari uchun belgilangan kvotalarga muvofiq ravishda qazib olishni pasaytirganining biror alomati ko‘zga tashlanmayapti», — deya qayd etadi OilPrice.com sharhlovchisi Tsvetana Paraskova.

Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning OPEC+ kvotalariga mos ravishda neft qazib olishni susaytirishni eplolmayotgani yoki istamayotgani bozorga «ayiqchasiga» signal berishi mumkin. Jo‘nroq qilib aytganda, uglevodorodlarning narxi ortiqcha ishlab chiqarish tufayli yana pastga qarab sho‘ng‘ishi mumkin. OPEC+ kvotalari esa neft narxini eng foydali darajada ushlab turish uchun o‘ylab topilgan.

«2020-2021 yillarda Iroq va Qozog‘iston kvotada ko‘zda tutilganidan ortiq neft qazib olishgan va ortiqcha ishlab chiqarishni kompensatsiya qilish bo‘yicha vazifani barbod qilishgan edi», deb eslatadi Business Insider.

Bu yil ham Qozog‘iston allaqachon o‘z kvotasidan oshib ketgan — sutkasiga 389 ming barrel. Tahlilchilarning baholashlariga ko‘ra, hozircha mamlakat neft qazib olishni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rmagan. Garchi neft narxining qulashiga olib keluvchi asosiy muammo Iroq tomonidan ulkan hajmda ortiqcha neft qazib olinayotgani bo‘lsa ham, Qozog‘iston ham o‘z xatti-harakatlari oqibatlarini o‘ylab ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Iyun oyida Qozog‘iston yana bitimlarda ko‘zda tutilganidan ortiq neft qazib olgan, garchi mamlakat bungacha ishlab chiqarishni qisqartirishga va’da bergan bo‘lsa-da.

Mavzuga oid