O‘zbekiston | 09:20 / 17.07.2024
4441
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi

Xorijdagi vatandoshlarga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.

Foto: Nova

O‘zbekiston Respublikasining “Xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Loyihada O‘zbekiston tomonidan xorijdagi vatandoshlarga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.

Loyihada xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari, asosiy yo‘nalishlari, rag‘batlantirish usullari belgilanmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonning xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari, istiqomat qilayotgan mamlakatning qonunlari va O‘zbekiston xalqaro shartnomalari asosida chet ellardagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yordam ko‘rsatish;
  • O‘zbekiston madaniy, ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, uni dunyoda o‘rganish va ommalashtirish, istiqomat qilayotgan mamlakatlarida o‘zbek tilini, madaniyatini va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan vatandoshlarimizning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va do‘stona munosabatlarini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishni istagan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;
  • O‘zbekiston hududida vatandoshlarning kasbiy, shu jumladan, tadbirkorlik, sarmoyadorlik, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;
  • O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlashga vatandoshlar salohiyatini jalb qilish.

O‘zbekiston madaniyat, ilm-fan, ta’lim va axborot sohalarida hamda iqtisodiy sohada xorijdagi vatandoshlar va ularning tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ular bilan hamkorlikda O‘zbekistonning boshqa xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan tadbirlarni tashkil qiladi.

Taklif etilayotgan loyihaning qabul qilinishi natijasida xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi.

Xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari, asosiy yo‘nalishlari, rag‘batlantirish usullari belgilanadi. Xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirishga erishiladi.

Mavzuga oid