Jahon | 11:34 / 26.07.2024
2490
4 daqiqa o‘qiladi

Bayden G‘azoda o‘t ochishni tezroq to‘xtatishga chaqirdi

Isroil bosh vaziri bilan uchrashuvda AQSh prezidenti «qolgan bo‘shliqlarni bartaraf etish, imkon qadar tezroq kelishuvga erishish, garovga olinganlarni uylariga qaytarish va G‘azodagi urushni doimiy yakunlashga erishish» zarurligini ta’kidladi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni imkon qadar tezroq o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azoda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishishga chaqirdi. Oq uydagi uchrashuvda Bayden «qolgan bo‘shliqlarni bartaraf etish, imkon qadar tezroq kelishuvga erishish, garovga olinganlarni uylariga qaytarish va G‘azodagi urushni abadiy tugatishga erishish» zarurligini ta’kidladi», deyiladi Oq uy 25 iyul, payshanba kuni e’lon qilgan bayonotda.

Netanyahu bilan uchrashuvda Bayden yana bir bor G‘azoda gumanitar yordamni ko‘paytirish va tinch aholi himoyasini yaxshilashga chaqirdi. «Yordam yetkazib berish yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlash va ularga muhtoj bo‘lganlarga asosiy xizmatlarni tiklash zarur», deyiladi bayonotda. Shu bilan birga, AQSh prezidenti yana bir bor «harbiy amaliyotlar paytida tinch aholi hayotini himoya qilishning muhim ahamiyatini» eslatdi.

Shuningdek, Bayden Qo‘shma Shtatlarning «Eron va uning ishonchli vakillari, jumladan G‘azodagi HAMAS, Livandagi «Hizbulloh» jangchilari va Yamandagi husiychilar tomonidan kelayotgan barcha tahdidlarga qarshi Isroil xavfsizligini ta’minlashga sodiqligini» yana bir bor tasdiqladi.

Harris dunyoda antisemitizm kuchayishiga qarshi kurash ahamiyati haqida gapirdi 

Demokratik partiyadan prezidentlikka potensial nomzod va AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris HAMAS va unga aloqador shaxslarni qoralab, jangchilarni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday ritorika qabul qilib bo‘lmas ekanligini ta’kidladi. Oq uy matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, siyosatchi butun dunyoda antisemitizm kuchayishiga qarshi kurashish muhimligini ta’kidladi. 

Harris Isroilning himoyalanish huquqini tasdiqladi, shu bilan birga, «G‘azo sektoridagi azob-uqubatlar ko‘lamidan jiddiy xavotirda» ekanini bildirdi. Bunga «juda ko‘p begunoh fuqarolarning» o‘limi va halokatli gumanitar vaziyat kiradi. «Biz bu fojialarga jim qarab tura olmaymiz. Azob-uqubatlar qarshisida men jim turmayman», - deya Harrisning so‘zlarini keltiradi dpa. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid