Jahon | 08:32 / 26.07.2024
4600
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya YouTube ishini sun’iy ravishda sekinlashtirishni boshlayapti

Yaqin kunlarda Rossiya rasmiylari YouTube ishini sun’iy ravishda sekinlashtira boshlaydi, dedi Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn. Uning so‘zlariga ko‘ra, avgust oyi boshiga borib, xizmatni kompyuterlarda yuklash tezligi 70 foizga tushadi. 

Foto: Reuters

Shu haftaning oxiriga borib, Rossiyada statsionar kompyuterlarda YouTube videoxostingining yuklanish tezligi 40 foizga, keyingi hafta oxiriga borib esa 70 foizga tushishi mumkin. Bu haqda 25 iyul, payshanba kuni Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. «Ushbu chora faqat «desktop» versiyalariga ta’sir qiladi, bu hozircha mobil aloqaga tegishli emas», deyiladi xabarda

Deputat butun sivilizatsiyalashgan dunyoda mashhur bo‘lgan resursning sun’iy «degradatsiyasini» Rossiya rasmiylarining «majburiy qadami» deb atadi. Xinshteyn so‘zlariga ko‘ra, bu YouTube harakatlariga javob bo‘lib, «u qonunlarimizni jazosiz buzish va e’tiborsiz qoldirish mumkin deb hisoblaydi». 

Deputat an’anaga ko‘ra bunday sekinlashuv uchun barcha javobgarlikni videoxosting siyosatiga yuklagan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu «davlat aniq qadamlarga o‘tganini ko‘rsatadi». Xinshteyn, shuningdek, YouTube «fikri g‘arb nuqtayi nazaridan farq qiladigan jamoat arboblarimiz (blogerlar, jurnalistlar, artistlar)», boshqacha aytganda, Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlaganlar kanallarini o‘chirayotganini ta’kidladi. 

«Rossiyada YouTube’ning kelajakdagi taqdiri faqat o‘ziga bog‘liq», deya Xinshteyn o‘zining navbatdagi fikrini yakunlagan. U servisni siyosatini o‘zgartirishga va «qonunlarga rioya qilishni» boshlashga chaqirdi. 

YouTube Shaman va Gagarinaning kanallarini blokladi 

Iyul oyi boshida YouTube Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari 14-paketiga kiritilgan qo‘shiqchilar Yaroslav Dronov (Shaman) va Polina Gagarinaning rasmiy kanallarini bloklab qo‘ydi. 

Oleg Gazmanov, Yuliya Chicherina, Grigoriy Leps va mehmonlari Rossiyaning Ukrainaga hujumini ommaviy ravishda qo‘llab-quvvatlovchi «Empatiya Manuchi» shousi muallifi, aktyor Vyacheslav Manucharovning kanallari ham bloklandi. 

«Rostelekom» avvalroq Rossiyada YouTube’dagi nosozliklar haqida ogohlantirgan edi 

12 iyul kuni «Rostelekom» Rossiyadagi foydalanuvchilar uchun YouTube videoxosting xizmatida «Google kompaniyasiga tegishli uskuna ishidagi texnik nosozliklar» tufayli ehtimoliy uzilishlar haqida ma’lum qildi. Rossiya provayderlari avvalroq Google Global Cache serverlarining eskirganligi sababli YouTube’ga kirish tezligi sekinlashishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. 

Google Global Cache tizimi og‘ir ma’lumotlarni yuklashni tezlashtirishga imkon beradi, masalan, YouTube videolarini: bir foydalanuvchi tomonidan ko‘rilgandan so‘ng, video mahalliy serverga yuklanadi va keyingi safar xuddi shu mintaqadagi boshqa odamlar tomonidan ko‘rilganda ulardan yuklab olinadi. 

ComNews Research ixtisoslashgan nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil boshida Rossiyada faoliyat ko‘rsatgan 700 ta shunday serverdan 2023 yil oxiriga kelib atigi 450 tasi qolgan. «Ertami-kechmi, GGC serverlari eskirish tufayli o‘z faoliyatini tugatadi yoki ularning sig‘imi kerakli hajmni ta’minlash uchun yetarli bo‘lmaydi», — dedi «VympelKom»ning ma’lumotlar uzatishni strategik rivojlantirish bo‘limi rahbari Konstantin Kolesov 2023 yil dekabrida. 

Rossiya rasmiylari YouTube’ni ataylab sekinlashtirishi yoki butunlay bloklashi mumkinligi haqidagi xavotirlar Ukrainadagi urush boshidan beri aytib kelinadi.

Mavzuga oid