Jahon | 22:11 / 29.07.2024
4973
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden AQSh prezidentlarining «immuniteti»ni cheklashni taklif qildi

AQSh prezidentining fikricha, mamlakatda hech kim qonundan ustun bo‘lmasligi kerak, hatto prezident ham, Oliy sud sudyasi ham.

Foto: AP

AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uy rahbarlarining daxlsizligini cheklashni taklif qilmoqchi. U mamlakatga bunday chora nega kerakligini The Washington Post gazetasida chop etilgan maqolada tushuntirdi.

Xususan, u prezidentlarning federal ta’qibdan daxlsizlik huquqiga ega emasligini aniq ko‘rsatuvchi o‘zgartirishni Konstitutsiyaga kiritishni taklif etmoqchi.

Avvalroq, 1 iyul kuni Donald Tramp ishi bo‘yicha Oliy sud prezidentlar «rasmiy lavozimdagi xatti-harakatlari» uchun jinoiy javobgarlikka tortilishdan daxlsizlikka egaligini tasdiqlagan edi. Bayden ushbu me’yorni o‘zgartirish tarafdori ekanini aytdi.

«Hozir sodir bo‘layotgan voqealar oddiy hol emas va bu sud qarorlariga, shu jumladan shaxsiy erkinliklarga ta’sir qiladigan qarorlarga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi», dedi Bayden.

Shuningdek, u o‘z maqolasida Qo‘shma Shtatlarda hech kim qonundan ustun emasligini qo‘shimcha qildi:

«Millat oddiy, ammo jiddiy tamoyil asosida shakllangan: hech kim qonundan ustun emas. AQSh prezidenti ham, Oliy sud sudyasi ham. Ammo Oliy sudning 1 iyuldagi prezidentlarga o‘z lavozimida sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishdan keng immunitet berish haqidagi qarori davlat rahbari xatti-harakatlariga hech qanday cheklovlar yo‘qligini anglatadi, bu faqat Oq uy rahbari o‘zi belgilaydigan cheklovlar bo‘ladi».

Politico nashrining eslatishicha, Bayden taklif qilgan choralar Kongress tomonidan ma’qullanishi kerak va kongressmenlar tomonidan bu taklifni qabul qilish imkoniyati kam. Agar demokratlar saylovdan keyin ikkala palatani nazorat qilsalar ham, ular Senatda to‘siqni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan 60 ovozga ega bo‘lishi dargumon.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yanada qiyin bo‘lib, Kongress ikkala palatasining uchdan ikki qismi yoki shtatlarning uchdan ikki qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan konvensiyani, shuningdek, shtat qonun chiqaruvchi organlarining to‘rtdan uch qismi tomonidan tasdiqlanishini talab qiladi.

Mavzuga oid