Jahon | 08:35 / 31.07.2024
7769
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Afg‘onistonning G‘arbdagi elchixonalarini tan olishdan bosh tortdi

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan harakat afg‘onlarni «Tolibon»ga sodiq diplomatik vakolatxonalarga konsullik xizmati uchun murojaat qilishga chaqirdi. Xalqaro hamjamiyat toliblar hokimiyatini tan olmaydi.

Foto: AP

Afg‘onistonda hokimiyat tepasida turgan «Tolibon» harakati Afg‘onistonning Germaniya va boshqa G‘arb mamlakatlaridagi elchixonalari tomonidan berilgan vizalar va pasportlarni tan olishdan bosh tortdi. Bu haqda Afg‘oniston hukumatining 30 iyul, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan xabarida aytiladi.

Toliblar nazoratidagi Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi Berlin va Bonndagi, shuningdek, Avstriya, Shveytsariya, Belgiya, Polsha va Yevropa hamda undan tashqaridagi boshqa mamlakatlardagi elchixonalar va konsulliklar tomonidan berilgan pasport, vizalar va boshqa hujjatlarni tan olmasligiga aniqlik kiritdi. Toliblar xorijdagi afg‘onlar va Afg‘onistonga borishni xohlovchi xorijliklarni xorij davlatlaridagi sodiq vakolatxonalariga konsullik xizmati bo‘yicha murojaat qilishga chaqirdi. 

Harakat vakillariga ko‘ra, ular toliblar bilan «o‘zboshimchalik» va «muvofiqliksiz» harakat qilishga yo‘l qo‘ygan afg‘on diplomatik missiyalari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishadi. Yangi chora faqat toliblarning xorijiy missiyalar ustidan nazoratni tiklashga urinishi bo‘lishi mumkin, deb yozadi dpa agentligi. 

Toliblar diplomatlari bir qancha mamlakatlarda ishlayapti 

«Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni 2021 yil avgustida qo‘lga kiritgan edi. Harakat mamlakatda respublika o‘rniga islom amirligini e’lon qildi va o‘tish davri hukumati tuzilganini bildirdi. Afg‘onistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari sobiq g‘arbparast hukumat tomonidan tuzilgan, ularning aksariyati toliblarga bo‘ysunishdan bosh tortgan. 

Hech bir davlat toliblarning Afg‘oniston ustidan hukmronligini rasman tan olmagan. Ammo Rossiya, Xitoy, Eron yoki Pokiston kabi mamlakatlarda toliblarning yangi elchilari ish boshladi.

Mavzuga oid