Sport | 21:15 / 02.08.2024
15923
2 daqiqa o‘qiladi

Parij-2024. Bahodir Jalolov yarimfinalga chiqdi

Olimpiadaning amaldagi chempioni Bahodir Jalolov Parij-2024 boks turniri yarimfinaliga yo‘llanma oldi.

Foto: olympic.uz

+92 vaznda Olimpiadada ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik bokschi chorakfinaldagi bahsini avstraliyalik Teremoana Juniorga qarshi o‘tkazib, g‘alabaga erishdi. Hakamlar uch raund yakuniga ko‘ra, Jalolovning ustunligini qayd etishdi.

Shu tariqa, Bahodir Jalolov turnirda medalni naqd qildi.

Jalolov turnirdagi ishtirokini 29 iyul kuni norvegiyalik Oman Shihani mag‘lub etish bilan boshlagandi.

Endi u 7 avgust kuni germaniyalik Nelviye Tiafakka qarshi final yo‘llanmasi uchun jang qiladi.

Kuni kecha -92 vazn toifasidagi Lazizbek Mullajonov ham yarimfinalga chiqib, medalni naqd qilgandi, Ruslan Abdullayev esa chorakfinalda mag‘lub bo‘lgandi.

Bugun kechki dasturda Hasanboy Do‘smatov va To‘rabek Habibullayev ham o‘z bahsini o‘tkazadi.

O‘zbekistonlik qolgan bokschilarning chorakfinaldagi bahslari ro‘yxati:

Parij-2024. Boks. Erkaklar. 1/4 final

2 avgust:

00:20. -51 kg: Hasanboy Do‘smatov - Saken Bibossinov (Qozog‘iston)

00:50. -80 kg: To‘rabek Habibullayev - Arlen Lopez Kardona (Kuba)

3 avgust:

-57 kg: Abdumalik Xalokov - Xose Kuiles Brotons (Ispaniya)

-71 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev - Nikolay Terteryan (Daniya).

Eslatib o‘tamiz, ayollar o‘rtasidagi bahslarda Sitora Turdibekova, Nigina O‘ktamova va Sabina Boboqulova turnirni tark etgandi. Navbahor Hamidova chorakfinaldagi bahsini 3 avgust kuni o‘tkazadi.

Mavzuga oid