Jahon | 08:29 / 05.08.2024
2012
4 daqiqa o‘qiladi

Harris: Tramp debatlar o‘zi uchun xavfsiz joyda o‘tishini xohlayapti

Kamala Harris Trampning Fox News telekanalida debatlar o‘tkazish taklifini rad etdi, chunki uning raqibi kelishuvlardan voz kechyapti.

Foto: Shutterstock / Below the Sky

Donald Trampning 4 sentabr kuni Fox News telekanalida debat o‘tkazish taklifi uning raqibi, AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisga ko‘ra, respublikachi uchun «xavfsiz joyda» muhokama tashkil etishga urinishdir. Oq uy sobiq rahbari avvalroq uchrashuvning butunlay boshqa sana va joyiga rozi bo‘lgan edi, deb ta’kidladi prezidentlikka demokrat nomzod 3 avgust kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

«Qanday qilib «istalgan vaqt, istalgan joy» iborasi «ma’lum bir vaqtda, ma’lum bir xavfsiz joyda» bayonotiga aylanib qolgani qiziq», - dedi Harris Fox News telekanalida debat o‘tkazishni taklif qilgan Trampga.

Avvalroq AQSh sobiq prezidenti Kamala Harris bilan debati 4 sentabr kuni konservativ telekanal ko‘magida o‘tkazilishini aytgandi. Biroq, Harrisning jamoasi tadbirga roziligini tasdiqlamadi.

Tramp Harris bilan debatlar sanasi va joyini o‘zgartirdi

Harris o‘z tvitida ta’kidlaganidek, Tramp avvalroq debatlar uchun mutlaqo boshqa joy va vaqtga rozi bo‘lgan edi - ular 10 sentabr kuni ABC telekanalida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Bu boradagi kelishuvga Trampning raqibi AQSh amaldagi prezidenti Jo Bayden bo‘lganida erishilgan.

Shu bilan birga, Tramp Baydenning prezidentlik poygasidan chiqishi og‘zaki bahs o‘tkaziladigan joy o‘zgartirilishiga sabab bo‘lganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ABC'dagi debatlar «Bayden endi ishtirok etmayotgani sababli bekor qilingan» - ammo telekanal ham, Harris shtabi ham bunday bayonotlar bermagan.

Tramp, shuningdek, ABC telekanalidagi debatda ishtirok etishdan bosh tortishiga avvalroq telekanal rahbariyati unga qarshi sudga murojaat qilgani sabab bo‘lganini aytdi. Biroq, u nima uchun bu holatda, Bayden uning raqibi bo‘lganida, dastlab tadbirga rozi bo‘lganini tushuntirmadi.

Harrisning so‘zlariga ko‘ra, u avvalroq Tramp rozi bo‘lganidek, 10 sentabr kuni ABC telekanalida bo‘lishni niyat qilgan. «Men uni u yerda ko‘rishga umid qilaman», deb xulosa qildi demokratlar nomzodi.

Harris nomzodlikni qo‘lga kiritish uchun yetarli ovoz to‘pladi

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Demokratik partiya delegatlari o‘rtasida onlayn ovoz berish jarayonida shu yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida partiya nomzodi sifatida rasman ko‘rsatilishi uchun yetarlicha qo‘llab-quvvatlandi. Bu haqda 2 avgust kuni kechqurun Demokratlar milliy qo‘mitasi raisi Jyeymi Xarrison ma’lum qildi.

AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden bu voqealar rivojini olqishladi. «Men qabul qilgan eng yaxshi qarorlardan biri Kamala Harrisni vitse-prezident etib tanlaganim bo‘ldi. U endi bizning partiyamiz nomzodi bo‘ladi va men bundan faxrlanaman», deb yozdi u Facebook’da.

Demokratik partiya qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo‘lib o‘tadi. Biroq, Kamala Harris nomzodi oldindan rasman tasdiqlangani tufayli u yerda ovoz berish shunchaki rasmiyatchilik bo‘ladi. 

CNN ta’kidlaganidek, 59 yoshli Harris prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod sifatida qatnashadigan birinchi qora tanli ayol va kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan birinchi amerikalik bo‘ladi.

Mavzuga oid