OAV: AQSh va Eron harbiylari Tehronda maxfiy uchrashuv o‘tkazgan
Xabarda yozilishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «nazoratdan chiqib ketdi» deb hisoblamoqda.
Kuvaytning «Al Jarida» nashri Eron xavfsizlik tizimidagi manbasiga tayanib yozishicha, amerikalik yuqori martabali mulozimlar o‘tgan hafta Eronga borgan va «Vashington katta urush istamayotgani» haqida tehronlik hamkasblarini boxabar qilgan.
Manbaga ko‘ra, amerikalik va eronlik harbiylar maxfiy uchrashuvini O‘mon tomoni tashkil qilgan. Amerikaliklar Turkiyadan shaxsiy vertolyotda Tehron yaqinidagi Karaj shahriga qo‘ngan. Amerikalik harbiylar, diplomatlar, Eron TIV vakillari va eronlik razvedkachilar o‘rtasidagi uchrashuv 2 soatdan ortiq davom etgan. Tomonlar mahalliy aeroportda uchrashgan. Xavfsizlik va maxfiylikni Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi ta’minlagan.
Uchrashuvda amerikaliklar Vashington Isroil HAMAS lideri Ismoil Haniyani o‘ldirish rejasidan bexabar bo‘lgani, Jo Bayden bu haqda eshitgach g‘azablanganini aytishgan. Manbada yozilishicha, Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «nazoratdan chiqib ketgan» deb hisoblaydi. Amerikaliklar Netanyahu Isroil tepasida ekani isroilliklar manfaatiga xizmat qilmaydi, xalqaro xavfsizlik u sabab tarang holatga keldi degan qarorga kelishgan.
Kuvayt nashriga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi vakillari eronliklarga Netanyahu mintaqada katta urush boshlayotgani, bunga nafaqat AQSh, Isroil, Eron, Livan va Yamanni, balki butun arab olami, Turkiya va ba’zi Afrika davlatlarini ham qo‘shmoqchi ekanini aytishgan.
Manbaning AQSh delegatsiyasiga tayanib aytishicha, Netanyahu Vashingtonda «bu «buyuk xolokost»ning boshlanishi barcha davlatlarni Isroil mavjudlik huquqiga ega degan qarorga kelishga majbur qiladi». Amerikaliklar mamlakatning Eron bilan urushish niyati yo‘qligi, ammo Tehron Isroilga hujum qiladigan bo‘lsa, yahudiylar davlatini himoya qilishini ma’lum qilgan.
Amerikalik qo‘mondon Yaqin Sharqda. Yana
Butun dunyoda Eron HAMAS lideri Tehronda o‘ldirilgani ortidan Isroilga hujum qilishini kutayotgan bir vaqtda «Jerusalem Post» nashri AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari Maykl Erik Kurilla Yaqin Sharqqa borgani haqida yozib chiqdi. Bu xabar yana boshqa nashrlarda ham yozildi.
Kurilla oxirgi marta mintaqaga 13 aprel kuni borgan va o‘shanda Eron hamda Isroil bir-biriga aytarli zarar yetkazmagan zarbalar almashgandi. Kuvayt nashri Tehronga aynan qaysi amerikalik mulozimlar borganiga aniqlik kiritmagan. Shuningdek, Isroil nashri AQShning asosiy harbiy mulozimlaridan biri aynan qaysi davlatlarga borgani haqida ma’lumot bermagan.
Avvalroq AQSh nashrlari davlat kotibi Entoni Blinken katta yettilik davlatlarini Eron Isroilga hujum qilishidan ogohlantirgani haqida yozgandi. Vashington va Tel-Aviv Eron 5 avgustda Isroilga hujum qilishi, bu galgi hujumda Hizbulloh harakati ham ishtirok etishini kutmoqda.
«Qasos zarbalari»
Eron va Hizbullohning Isroilga ehtimoliy hujumi «qasos zarbalari» deb talqin qilinmoqda. Avvalroq Isroil Livan poytaxti Bayrutga raketa zarbasi yo‘llash orqali Hizbulloh harakati qo‘mondoni Fuad Shukurni o‘ldirgandi. Bir kun o‘tib esa Tehronda HAMAS siyosiy qanoti lideri Ismoil Haniya o‘ldirildi. Ularning o‘limi fonida HAMAS harbiy qanoti yetakchisi Muhammad Deyf ham o‘lgani Isroil tomonidan rasman tasdiqlandi.
Mavzuga oid
23:20 / 13.11.2024
Polshada AQShning raketaga qarshi mudofaa bazasi ochildi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
22:14 / 13.11.2024
Tramp lavozim taqsimlamoqda: Pentagon jurnalistga, Maskka yangi departament
15:44 / 13.11.2024