Jahon | 20:50 / 08.08.2024
1929
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy koreyalik milliarder aksiyalar bilan bog‘liq firibgarlikda ayblanmoqda

Surishtiruvlar o‘tgan yilning mart oyida Kakao kompaniyasi K-pop agentligining qariyb 40 foiz aksiyalarini sotib olganidan keyin boshlangan.

Foto: News1

Janubiy Koreyada texnologik magnat Kim Beom Su (Brayan Kim) aksiyalar narxini manipulyatsiya qilishda ayblanmoqda. Kim boshchiligidagi Kakao rahbariyati SM Entertainment agentligining K-pop aksiyalarini uning qiymatini oshirish va kompaniyani «yutib yuborish» bo‘yicha raqobatdosh taklifni buzish maqsadida sotib olgan. Kakao internet-giganti asoschisi ikki hafta oldin qo‘lga olinganidan beri hibsda qolmoqda.

Hibsga olinish vaqtida Kakao tomonidan berilgan bayonotda Kim Beom Su noqonuniy faoliyatga yo‘l qo‘ymagani va bu borada hech qanaqa topshiriq bermagani aytilgan. Seul Janubiy okrug prokuraturasi Kimga nisbatan moliya bozori qoidalarini buzish bo‘yicha ayblov e’lon qildi.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, sud jarayonlari sanasi biroz keyinroq aniq bo‘ladi. Surishtiruvlar o‘tgan yilning mart oyida Kakao kompaniyasi K-pop agentligining qariyb 40 foiz aksiyalarini sotib olganidan keyin boshlandi.

Prokurorlarning ta’kidlashicha, Kim Beom Su SM Entertainment qiymatini raqobatchisi — Hybe’dan oshirish maqsadida to‘rt kun davomida aksiyalarini xarid qilgan. U 2018 yilda korrupsiyada ayblanib, 18 oy qamoqda o‘tirib chiqqan Samsung Electronics raisi Li Chjye Yondan keyin Janubiy Koreyada sudlangan eng yuqori martabali texnologik kompaniya rahbaridir.

Kim oddiy fuqarolikdan multimilliarderlikka qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tib, mamlakatda mashhurlikka erishgan — u egalik qiladigan bir nechta oilaviy korporatsiyalar iqtisodiyotning katta qismini nazorat qiladi. Janubiy Koreyadagi eng muvaffaqiyatli internet-bizneslardan biri bo‘lgan Kakao kompaniyasi ham Kimga tegishli.

Kakao Janubiy Koreyaning eng yirik xabar almashish ilovasini boshqaradi, shuningdek, o‘yinlar, xaridlar va bank xizmatlarini o‘z ichiga olgan boshqa onlayn bizneslarga ega.

2022 yilda Kakao faoliyatida yong‘in sabab uzilish sodir bo‘lgandi, natijada serverlarga zarar yetgan — bu mamlakat texnologik gigant xizmatga qanchalik bog‘lanib qolgani to‘g‘risidagi xavotirni uyg‘otgan edi.

Kimga nisbatan yakuniy ayblov e’lon qilinishidan bir necha soat oldin Kakao kompaniyasi 2024 yilning ikkinchi choragida 134 milliard von (o‘tgan yilga nisbatan 18,5 foizga ko‘p) foyda ko‘rganini ma’lum qilgandi.