NASA Starliner ekipajini Yerga qaytarish imkonini qidirmoqda
Bir haftalik Starliner sinov missiyasi doirasida iyun oyida XKSga uchgan amerikalik astronavtlar Batch Uilmor va Sunita Uilyams 2025 yilning fevraligacha Yerga qaytmasligi mumkin.
Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) iyun oyi boshida Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga birinchi boshqariladigan Starliner kosmik kemasida yetib kelgan va nosoz manevr dvigatellari tufayli u yerda qolib ketgan Batch Uilmor va Sunita Uilyamsni Yerga qaytarish yo‘llarini qidirmoqda. Astronavtlar XKSdan faqat 2025 yil fevralida SpaceX'ning Dragon kosmik kemasi ekipaji bilan qaytishi mumkin. Bu haqda NASA 7 avgust, chorshanba kuni ma’lum qildi.
Departamentning qayd etishicha, hozirda bir nechta variant ko‘rib chiqilmoqda va yakuniy qaror keyingi haftada qabul qilinadi. Reuters ta’kidlaganidek, NASA'da yaqinda o‘tkazilgan bir qator sinovlardan so‘ng, astronavtlar Starliner'ga qaytsa, xavf ostida qoladimi yoki yo‘qmi degan fikr borasida kelishmovchiliklar mavjud.
Astronavtlar XKSga 8 kunga keldi, biroq bir necha oyga qolib ketdi
61 yoshli Batch Uilmor va 58 yoshli Sunita Uilyamsni XKSga olib borgan Boeing'ning birinchi Starliner sinov missiyasi dastlab 8 kun davom etishi rejalashtirilgan edi. Bortida ikki amerikalik astronavt bo‘lgan boshqariladigan Starliner kosmik kemasi 5 iyun kuni Florida shtatidagi Kanaveral burunidan V United Launch Alliance raketa tashuvchisi yordamida uchirildi. Biroq, XKSga tutashish paytida kosmik kapsulaning harakatlanish tizimida muammolar paydo bo‘ldi. «Uchirishdan so‘ng yana ikkita sizib chiqish sodir bo‘ldi. Qaysidir nuqtada manevr qilish uchun foydalanilgan 28 ta tuzatish nozullaridan beshtasi ishlamay qoldi», deya xabar berdi NASA. Texnik nosozliklar tufayli ekipaj hali ham Yerga qaytib kela olmayapti.
NASA uchun Starliner'ni ishlab chiqqan va loyihaga 1,6 milliard dollar sarmoya kiritgan Boeing korporatsiyasi uni XKSga faqat uchinchi martada uchirishga muvaffaq bo‘ldi. Starliner parvozi bo‘yicha birinchi urinish 6 mayga, ikkinchisi 1 iyunga belgilangan edi. Ikkalasi ham texnik nosozliklar tufayli bekor qilindi. NASA ta’kidlashicha, uchirishdan maqsad kosmik kemani keyinchalik stansiyaga va Yerga muntazam va xavfsiz parvozlarni amalga oshirishi uchun sertifikatlashdir.
Taxminan 10 yil oldin NASA astronavtlarni kosmosga jo‘natish uchun Ilon Maskning Crew Dragon bilan bir qatorda boshqa kosmik kemasini yaratish uchun Boeing bilan davlat-xususiy sheriklik kelishuvini imzoladi. Uilmor va Uilyamsning SpaceX kemasida Yerga qaytishi NASA shartnomalari uchun raqobatda Boeing uchun jiddiy zarba bo‘ladi, deb ta’kidlaydi Reuters.
Mavzuga oid
11:30 / 07.11.2024
NASA Yupiterning eng tiniq suratlarini e’lon qildi
19:33 / 28.10.2024
Oyga qo‘ngan astronavtning soati 2,2 mln dollarga sotildi
19:21 / 27.10.2024
NASA Ilon Mask va Putinning muloqotlari yuzasidan tergov o‘tkazishga chaqirdi
16:10 / 17.10.2024