Rossiyaning Kursk viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etildi
Prezident Putin Xavfsizlik kengashi kotibi, mudofaa vaziri, Bosh shtab va FSB rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Kursk viloyatida ikki kundan beri janglar davom etmoqda. «Dushman kuchlarining mintaqaga kirib kelishi oqibatlarini bartaraf etish uchun» mintaqada favqulodda holat joriy etildi.
Bu haqda gubernator vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegara hududlarida murakkab operativ vaziyat saqlanib qolmoqda.
Putin yig‘ilish o‘tkazdi
Kecha kunning ikkinchi yarmida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu, mudofaa vaziri Andrey Belousov, Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov va FSB rahbari Aleksandr Bortnikov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Gerasimovning ma’lum qilishicha, «6 avgust kuni ertalab soat 5:30 da Ukraina Qurolli kuchlarining ming kishigacha bo‘lgan bo‘linmalari Kursk viloyati Sudjanskiy tumani hududi bir qismini egallab olish maqsadida hujumga o‘tdi».
Bosh shtab boshlig‘i Ukraina qurolli kuchlarining Kursk yo‘nalishi bo‘yicha Rossiyaga chuqur kirib borishi «to‘xtatilganini», Rossiya harbiylari va chegara qo‘shinlari esa Rossiya-Ukraina chegarasiga qo‘shni hududlarda «dushmanni yo‘q qilishda davom etayotganini» aytdi.
Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari yo‘qotishlari 315 kishini tashkil etgan, ulardan 100 nafari halok bo‘lgan, 54 ta zirhli texnika, jumladan, yetti tank yo‘q qilingan.
«Operatsiya dushmanni yengish va davlat chegarasiga yetib borish bilan yakunlanadi», dedi Valeriy Gerasimov.
Rossiya armiyasining yo‘qotishlari haqida xabarlar yo‘q.
Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Kursk viloyatini o‘qqa tutish chog‘ida 31 kishi, jumladan, olti nafar bola yaralangan, deb xabar berdi Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk viloyatidagi janglar natijasida o‘nlab kishilar jarohatlangan. Aholi hududni tark etmoqda, biroq hukumatning markazlashgan evakuatsiya haqidagi bayonotlarini inkor etmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi munosabati
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukrainaning safarbarligini yana uch oyga «jimgina» uzaytirish maqsadida mamlakat fuqarolarini «Kurskdagi go‘sht maydalagichga» yubordi.
Bu haqda Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Ukraina rasmiylari Kursk viloyatidagi janglar haqidagi ma’lumotga izoh bermadi.
AQSh Kiyevdan tushuntirish talab qildi
Oq uy Kiyevdan Kursk viloyatidagi voqealarga oydinlik kiritishni talab qildi.
7 avgust, chorshanba kuni Oq uy ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Kursk viloyatidagi voqealar yuzasidan Kiyevdan tushuntirish olish niyatida.
Vashington, shuningdek, hozirda Amerika harbiy texnikasi Kursk viloyatiga bostirib kirishda foydalanilgani ma’lum ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Oq uy AQShning Rossiya hududida Amerika qurollarini qo‘llash bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmaganini qo‘shimcha qildi.
Mavzuga oid
16:42 / 11.11.2024
Kreml Putin va Tramp telefonda suhbatlashganini rad qildi
10:47 / 11.11.2024
Rossiya 145 ta dron bilan Ukrainaning yirik shaharlariga hujum qildi
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
15:10 / 09.11.2024