Meksika prezidentlik inauguratsiyasida Putinni hibsga olmaydi
Meksika amaldagi prezidenti Ukraina elchixonasining Rossiya Federatsiyasi prezidenti Mexiko shahriga yangi davlat rahbari inauguratsiyasiga kelgan taqdirda uni hibsga olish haqidagi iltimosini rad etdi.
Meksika prezidenti Ukrainaning agar Rossiya rahbari joriy yil oktyabr oyida yangi davlat rahbari inauguratsiyasida ishtirok etsa, Vladimir Putinni hibsga olish haqidagi iltimosini rad etdi, deb xabar berdi Reuters agentligi. «Biz buni qila olmaymiz. Bu bizning ishimiz emas», dedi amaldagi prezident Andres Manuel Lopes Obrador 8 avgust, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Ukraina, agar Putin 1 oktyabr kuni saylangan prezident Klaudiya Sheynbaumning qasamyod qilish marosimida qatnashsa, uni hibsga olishni Meksikadan so‘radi. Meksikaning Ukrainadagi elchixonasi 7 avgustdagi bayonotida keltirilgan so‘rov BMT Xalqaro jinoiy sudi (XJS) tomonidan chiqarilgan hibsga olish orderiga ishora qiladi. «Umid qilamizki, Meksika hukumati Vladimir Putinni hibsga olish uchun orderi borligini biladi», — deyiladi bayonotda.
Sheynbaum jamoasi Rossiya prezidentini inauguratsiya marosimida ishtirok etishga taklif qildi va shu hafta boshida Meksika bilan diplomatik aloqada bo‘lgan barcha davlatlarga «diplomatik xabarnoma» yuborganini ta’kidladi. Iyun oyida Putin Sheynbaumni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab, Meksikani «Rossiyaning Lotin Amerikasidagi tarixiy do‘stona hamkori» deb atagan edi.
O‘tgan yili XJS Putinni 2022 yil fevralida keng ko‘lamli hujum boshlanganidan keyin Ukrainadan Rossiyaga bolalarni noqonuniy ravishda deportatsiya qilishda ayblab, uni hibsga olish uchun order bergan edi. Meksika XJS a’zosi hisoblanadi.
Mavzuga oid
00:30
«Deportatsiya, chegara devori, bekor qilinadigan gumanitar yordamlar». Tramp prezidentligining ilk kunida nimalar qilishi ma’lum bo‘ldi
22:15 / 12.11.2024
OAV: Putin Trampning inauguratsiyasigacha Kurskni qaytarishni buyurdi
13:11 / 12.11.2024
Siyosatshunos Gallyamov: Tramp Putin uchun tuzoq qo‘ymoqda
09:58 / 12.11.2024