Jahon | 22:59 / 13.08.2024
5744
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya prezidenti Falastin milliy ma’muriyati rahbari bilan uchrashdi

Vladimir Putin va Mahmud Abbos «Falastin-Isroil mojarosining keskinlashuvi munosabati bilan Yaqin Sharqdagi vaziyat va G‘azo sektoridagi misli ko‘rilmagan gumanitar falokat» haqida fikr almashgan.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Falastin milliy ma’muriyati (FMM) rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashdi. Muzokaralar 13 avgust kuni Putinning Novo-Ogaryovodagi qarorgohida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Kremlga tayanib Meduza.

Putin ma’muriyatining ta’kidlashicha, muzokaralar chog‘ida tomonlar «ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini» muhokama qilgan, shuningdek, «Falastin-Isroil mojarosining keskinlashuvi munosabati bilan Yaqin Sharqdagi vaziyat va G‘azo sektoridagi misli ko‘rilmagan gumanitar falokat» haqida fikr almashgan.

Muzokaralar avvalida, Putin Ukrainadagi urushga qaramay, G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealar Rossiyaning e’tiboridan chetda qolmasligini aytgan.

«Hamma yaxshi biladiki, Rossiya bugun, afsuski, o‘z manfaatlarini himoya qilishi, qo‘lida qurol bilan xalqini himoya qilishi kerak, biroq Yaqin Sharqda, Falastinda sodir bo‘layotgan voqealar, albatta, e’tibordan chetda qolmaydi», dedi Putin.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya rasmiylari «Falastinda yuz bergan gumanitar falokatni katta alam va xavotir bilan kuzatmoqda».

«Birinchi navbatda, biz tinch aholi o‘rtasidagi yo‘qotishlardan xavotirdamiz. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu allaqachon 40 ming kishi, asosan ayollar va bolalar», dedi Putin.

Mahmud Abbos, o‘z navbatida, Rossiyaga «Falastin masalasidagi pozitsiyasi» uchun minnatdorchilik bildirdi va Rossiyani «Falastin xalqining eng aziz do‘stlaridan biri» deb atadi.

Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos 12 avgust kuni tashrif bilan Moskvaga keldi, deb xabar qildi bir kun avval Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov. Abbos Putindan tashqari arab elchilari bilan ham uchrashishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid