Ukraina harbiylari Rossiyaning 74 ta aholi punktini nazorat qilmoqda – Zelenskiy
Ukraina rahbari bosib olingan hududlarda «gumanitar yechimlarni ishlab chiqish» davom etayotganini ma’lum qildi.
Rossiyadagi 74 ta aholi punkti Ukraina harbiylari nazoratida, deb xabar berdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
«Murakkab, shiddatli janglarga qaramay, bizning kuchlarimiz Kursk viloyatida oldinga siljishda davom etmoqda va «almashuv fondimiz» o‘sib boryapti», dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bosib olingan hududlarda «gumanitar yechimlarni ishlab chiqish davom etmoqda». U aholi punktlarida qancha tinch aholi qolganiga aniqlik kiritmadi.
Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov 12 avgust kuni prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukraina qurolli kuchlari 28 ta aholi punktini egallab olganini aytdi. Keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qo‘shinlarining mintaqada boshqa oldinga siljish imkoniyati yo‘qligini da’vo qildi.