Jahon | 21:48 / 16.08.2024
2270
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden soqchilarining bir qismi Tramp xavfsizligini ta’minlashi ma’lum bo‘ldi

Trampni ochiq havoda o‘tkaziladigan saylovoldi mitinglari paytida ehtimoliy hujumlardan himoya qilish maqsadida zirhli oyna ham sotib olingan.

Foto: The New York Times

AQSh Maxfiy xizmati prezident Jo Bayden soqchilarining bir qismini Respublikachilar partiyasidan davlat rahbarligiga nomzod Donald Tramp xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirdi. Bu iyul oyida sobiq prezidentga uyushtirilgan suiqasddan keyin amalga oshirildi, deb xabar beradi The New York Times.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shuningdek, Trampni ochiq havoda o‘tkaziladigan saylovoldi mitinglari paytida ehtimoliy hujumlardan himoya qilish maqsadida zirhli oyna ham sotib olingan.

Gazetaning o‘z manbasiga tayanib yozishicha, jamoaning bir qismini bunday taqsimlash — o‘z-o‘zidan noodatiy hodisa. Biroq Trampga tahdidlarning kuchayishi va Baydenning sayohat jadvalini qisqarishi bu ishni amalga oshirishga imkon tug‘dirgan. Odatda davlat rahbarining safarlariga tayyorgarlik vaqtida jalb etiladigan xodimlar endilikda respublikachining himoyasi bilan band.

Oq uy va Trampning saylovoldi shtabi mazkur holatga izoh berishdan bosh tortdi.

13 iyul kuni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning Pensilvaniya shtati Batler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingidagi chiqishi vaqtida unga qarata o‘q uzgandi. O‘q siyosatchi qulog‘ining tepa qismiga tekkan.

Sodir bo‘lgan holat yuzasidan o‘tkazilgan tergov fonida AQSh Maxfiy xizmati direktori Kimberli Chitl iste’foga chiqdi. Bundan oldin AQSh Vakillar palatasida Trampga suiqasd uyushtirilgan tadbirda xavfsizlik rejimi buzilgani yuzasidan eshituv bo‘lib o‘tgan edi. Chitl suiqasd bo‘yicha sobiq prezidentni ogohlantirishga ulgurmagani uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, mazkur holatni Maxfiy xizmatning o‘n yillikdagi «eng jiddiy muvaffaqiyatsizligi» deb atadi.

Mavzuga oid