Jahon | 23:03 / 04.09.2024
3958
2 daqiqa o‘qiladi

Rimda yashin urishi oqibatida Konstantin arkasiga shikast yetdi

Arkaning sinib tushgan barcha bo‘laklari topilgan va xavfsiz joyga olib o‘tilgan. Hozirda yetkazilgan zararni baholash ishlari olib borilmoqda.

Foto: Reuters

Rimda Kolizey yaqinida joylashgan Konstantin arkasi yashin urishi oqibatida shikastlandi. Eramizning IV asrida qurilgan ushbu inshoot Italiya poytaxtining diqqatga sazovor turistik maskanlaridan hisoblanadi.

Kolizey arxeologik bog‘i ma’muriyatida yashin oqibatida arkaning bir qismiga shikast yetganini tasdiqladi. «Yashin to‘g‘ri arkaga urildi, keyin esa burchakka tushdi va biz uning bir bo‘lagi ajralganini ko‘rdik», — deydi guvohlardan biri.

Qayd etilishicha, arkaning «sinib tushgan barcha bo‘laklari topilgan va xavfsiz joyga olib o‘tilgan». «Hozirda yetkazilgan zararni baholashni boshlab yuborganmiz va erta tongdan ishlarni davom ettiramiz», — deyiladi bog‘ ma’muriyati xabarida.

Reuters’ning yozishicha, yashin arkaga janub tomondan ikki kun oldin restavratsiya ishlar boshlangan joyga kelib urilgan.

Nasroniylikni qabul qilgan birinchi Rim imperatori Konstantin arkasi eramizning 312 yilida qurilgan. Rim meri Roberto Gualterining ma’lum qilishicha, Rimda kuzatilgan momaqaldiroq «misli ko‘rilmagan hodisa» hisoblanadi.

«U juda kuchli edi, qisqa vaqt ichida shaharning ayrim qismlarida, jumladan, tarixiy markazida kuzatildi», — deydi mer.

Mavzuga oid