O‘zbekiston | 14:26 / 08.09.2024
15003
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Buxoroda Nazarboyev bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi

Ular birgalikda shaharning diqqatga sazovor joylarini aylanishgan.

Foto: «O‘zbekiston 24» lavhasidan kadr

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 sentabr kuni Buxoroga borgan. «O‘zbekiston 24» telekanalida ketgan lavhaga ko‘ra, davlat rahbari
viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, avvalgi tashriflar davomida berilgan vazifalar ijrosi bilan tanishgan.

Shuningdek, u qadimiy shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish maqsadida Buxoroda bo‘lib turgan Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazgan.

Buxoroning muqaddas qadamjolarini ziyorat qilish chog‘ida bunday maskanlarning jamiyat hayotidagi, ayniqsa, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, ma’rifiy ahamiyatiga e’tibor qaratildi, deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev shanba kuni Toshkentga qaytib kelgan.

Nursulton Nazarboyev 1991 yildan 2019 yilga qadar Qozog‘istonga prezidentlik qilgan, keyin hokimiyatni o‘z partiyadoshi Qosim Jo‘mart To‘qayevga topshirgan. Shu bilan birga, Qozog‘iston xavfsizlik kengashi, Qozog‘iston xalq assambleyasi raisi va «Nur Otan» hukmron partiyasi raisi lavozimlarini o‘zida saqlab qolgan, shuningdek Qozog‘iston Konstitutsion kengashi a’zosi bo‘lgan.

2022 yil yanvaridagi voqealardan keyin u birin-ketin qolgan lavozimlarini ham tark etgan, shuningdek, elboshi titulidan mahrum bo‘lgan. Uni oxirgi bor 2024 yil martida BAAda ko‘rishgandi, u o‘shanda New York University Abu Dhabi talabalari bilan uchrashib, suratga tushgandi.

Mavzuga oid