O‘zbekiston | 20:24 / 24.09.2024
1841
2 daqiqa o‘qiladi

Bektemirdan Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismi pulli bo‘lishi mumkin

Bektemir – Chirchiq – G‘azalkent – Chorbog‘ avtomobil yo‘lining 6−77 km qismi pulli yo‘lga aylantirilishi rejalashtirilyapti. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Turkiyaning Onur Group kompaniyasi bilan «loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va uni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olish» yuzasidan kelishuvga erishgan.

Foto: LiveJournal

Joriy yil 20 sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbariyati hamda Turkiyaning Onur Group kompaniyasining Moldova va Ruminiya davlatlaridagi loyihalar bo‘yicha direktori Bulent Tatar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda IMV matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida avtomobil yo‘llari, tunnellar qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan erishilgan kelishuvlar ko‘rib chiqilgan.

Xususan, DXSh asosida 4P12 Bektemir – Chirchiq – G‘azalkent – Chorbog‘ qo‘rg‘oni avtomobil yo‘lining 6–77 km qismini asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilib, pulli yo‘lga o‘tkazish loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va uni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining Gazeta.uz’ga ma’lum qilishicha, transport vazirligi ushbu pulli yo‘l uchun hali tender o‘tkazmagan. Vazirlik ushbu kompaniya takliflari ko‘rib chiqilganini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari hali ishlab chiqilmaganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng tender o‘tkaziladi va loyiha pudratchisi aniqlanadi, deya bildirgan vazirlik.

Ma’lumot uchun, Onur Group Turkiya, Ukraina, Xorvatiya, Tunis, Moldova, Saudiya Arabistoni, Ummon, Qatar, Ekvatorial Gvineya va Turkmaniston kabi 13 davlatda qurilish sohasida loyihalarni amalga oshirib keladi.

Mavzuga oid