Jahon | 22:12 / 25.09.2024
2477
2 daqiqa o‘qiladi

FT: Yevgeniy Prigojin pullarni yashirin ravishda g‘arb banklari orqali o‘tkazgan

«Vagner» XHK asoschisi Amerikaning JPMorgan Chase va Britaniyaning HSBC banklaridan Afrikadagi biznesiga to‘lovlarni o‘tkazishda foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Concord Press Office / TASS

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin yashirin ravishda Amerikaning JPMorgan Chase va Britaniyaning HSBC banklaridan Afrikadagi biznesiga to‘lovlarni o‘tkazishda foydalangan. Bu haqda Vashingtondagi Ilg‘or mudofaa tadqiqotlari markazi ma’lumotlariga tayanib, Financial Times gazetasi xabar berdi.

Tarqalgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, 2017 yil avgustda Prigojin tomonidan nazorat qilingan Sudandagi Meroe Gold kon kompaniyasi Xitoyning Henan Liming kompaniyasidan 688 ming dollarlik uskunalarni xarid qilgan. Oraliq to‘lov Nyu-Yorkdagi JPMorgan Chase orqali o‘tkazilgan.

O‘sha yilning sentabrida Meroe Gold Xitoyning AGG Power Technology kompaniyasidan qariyb 80 ming dollarga generatorlar va ehtiyot qismlar xarid qilgan. Ushbu to‘lov ham JPMorgan Chase, undan keyin esa HSBC guruhiga kiruvchi Hongkongdagi Hang Seng Bank orqali o‘tgan.

FT’ning qayd etishicha, ushbu banklar to‘lovlar qayerdan kelganidan xabardor ekanini tasdiqlovchi biror isbot yo‘q. HSBC jurnalistlarga Sudandagi tranzaksiyalarga izoh berishdan bosh torgan, biroq bank «moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash va jahon moliyaviy tizimi yaxlitligiga sodiqligini» qo‘shimcha qilgan. JPMorgan vakillari esa tekshiruv o‘tkazilgan, ammo tegishli tranzaksiyalar bo‘yicha qaydlarni topa olmaganini ma’lum qildi.

Yevgeniy Prigojin 2016 yildan, «Vagner» XHK esa 2017 yildan beri AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan. Meroe Gold kompaniyasi bo‘lsa «Prigojinga tegishli ekani yoki u tomonidan boshqarilishi» munosabati bilan 2018 yilda Amerika sanksiyalariga uchragan.

Mavzuga oid