Jahon | 14:50
1588
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya parlamenti Golodomorni genotsid deb tan oldi

1932-1933 yillardagi Ukrainadagi ocharchilik, Shveytsariya parlamenti deputatlari ko‘pchiligining fikricha, Stalinning buyrug‘i bilan qo‘zg‘atilgan.

Foto: Bryan Smith/ZUMA Press/picture alliance

SSSR hukmdori Iosif Stalinning Ukrainadan g‘alla, chorva mollari va oziq-ovqat mahsulotlarini musodara qilish haqidagi buyrug‘i 1932-1933 yillarda mintaqada halokatli ocharchilikka olib keldi, bu fojia genotsid sifatida tasniflangan og‘ir jinoyat hisoblanadi. 24 sentabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish chog‘ida Shveytsariya Milliy kengashi a’zolarining ko‘pchiligi shunday fikrga keldi.

«Milliy kengash keng miqyosda va maqsadli ravishda ocharchilikka olib keladigan va milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni to‘liq yoki qisman yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli xatti-harakatlarni genotsid, deb belgilaydi», — deyiladi Shveytsariya parlamentining Katta palatasi bayonotida.

Shveytsariyaning qaroriga Kiyevda munosabat bildirildi. «Bu haqiqatan ham tarixiy qaror va bu tarixiy adolatni tiklash va millionlab begunoh qurbonlar xotirasini saqlab qolish yo‘lidagi o‘ta muhim qadamdir», dedi Oliy rada raisi Ruslan Stefanchuk.

Shveytsariyada o‘nglar Golodomorni genotsid deb tan olishga qarshi ovoz berdi

Shveytsariya parlamenti Katta palatasining 123 nafar a’zosi Golodomorni genotsid deb tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilish uchun ovoz berdi, 58 nafari qarshi chiqdi. Hujjatni o‘ng qanot konservativ Shveytsariya Xalq partiyasi (SVP) a’zolari qo‘llab-quvvatlamadi. Ushbu partiya Milliy kengashga bo‘lgan so‘nggi saylovlarda g‘alaba qozondi, lekin qonun chiqaruvchi organda ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmadi.

«Shveytsariya genotsid to‘g‘risida qaror qabul qilmaydi va o‘zini ekspluatatsiya qilishga yo‘l qo‘ymasligi kerak», deb izoh berdi ushbu partiyadan deputat Monika Ryugger SVP pozitsiyasiga. Uning so‘zlariga ko‘ra, genotsid akti sodir etilgan yoki yo‘qligini baholash xalqaro sudlar tomonidan amalga oshirilishi kerak.

Mavzuga oid