Jahon | 10:51
725
2 daqiqa o‘qiladi

«FSB» uch nafar xorijlik jurnalistga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Avstraliyaning ABC News telekanalidan Ketrin Diss va Fletcher Yung, shuningdek, ruminiyalik jurnalist Mircha Barbu Kursk oblastida Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani uchun hozir tergov ostida.

Foto: RIA Novosti

27 sentabr, juma kuni Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati («FSB») Kursk oblastida uch nafar jurnalist – AQSh va Ruminiya fuqarolarining davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda TASS davlat agentligi Rossiya maxsus xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Ishda ayblanuvchilar Avstraliyaning ABC telekanali muxbirlari, AQSh fuqarolari Fletcher Yang va Ketrin Diss, shuningdek, NotNews rumin jurnalisti Mircha Barbu bo‘ldi. Jurnalistlar besh yilgacha qamoq jazosi bilan jazolanishi mumkin. Biroq, ularning barchasi hozirda Rossiyadan tashqarida.

TASSning xabar berishicha, sentabr oyi boshida ukrainalik harbiylar bo‘lgan Sudja shahridan Yang va Dissning reportaji e’lon qilingan. Qayd etilishicha, jurnalistlar Kursk oblastiga Ukraina Qurolli kuchlari askarlari hamrohligida kirib, mahalliy aholi bilan suhbatlashgan. Mircha Barbuning xuddi shunday mazmundagi reportaji Ruminiyaning NotNews nashri tomonidan chop etilgan.

Bir oy oldin «FSB» DW jurnalistiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi

27 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi «FSB» Ukraina qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Kursk oblastida syujyetlarni suratga olgan DW nemis media-kompaniyasi muxbiri Nikolas Konnolli va TSN ukrain jurnalisti Natalya Nagornayaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini e’lon qildi.

Konnoli o‘z reportajida Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan jurnalistlar uchun uyushtirilgan safar doirasida Ukraina tomonidan qo‘lga olingan Sudjada bir necha soat bo‘lganini aytdi. DW muxbiri bosib olingan shahardagi vaziyat haqida gapirib, mahalliy aholi bilan suhbatlashdi.

Mavzuga oid