Jahon | 22:34 / 30.09.2024
1823
3 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask «dronlar to‘dasi» o‘rtasida janglar sodir bo‘lishidan ogohlantirdi

Tesla va Space X asoschisining so‘zlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchish apparatlari to‘dalarining hayratlanarli darajadagi janglari yaqinlashmoqda.

Foto: Bloomberg

Kelajakda insoniyatni tasavvurni hayratga soladigan darajada «uchuvchisiz uchish apparatlari to‘dalari» bilan jangovar harakatlar kutmoqda, bu haqda Tesla va Space X asoschisi Ilon Mask o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga yozib qoldirdi.

«Tasavvurni hayratga soladigan darajada uchuvchisiz uchish apparatlari to‘dalarining janglari yaqinlashmoqda», — deb yozadi u.

Mask bu orqali amerikalik yozuvchi va jurnalist Eshli Vensning AQSh bugungi kunda yiliga 20 mingga yaqin fuqarolik dronlarini ishlab chiqara olishi mumkinligi, Xitoy esa bir kunda shuncha dron ishlab chiqarishga qodir ekani haqida yozganiga munosabat bildirdi.

Dronlar to‘dasi — bu uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarishning istiqbolli texnologiyasi. Ushbu konsepsiya doirasida dronlar yakka emas, balki guruh — to‘da bo‘lib harakatlanadi. To‘daning harakati esa sun’iy intellekt yoki bir nechta operator yordamida boshqariladi. AQSh Harbiy akademiyasi Zamonaviy urush instituti 2024 yilda mazkur texnologiyani yaratish ustida 11 ta davlat ish olib borayotgani, Isroil esa HAMASga qarshi janglarda buni amaliyotda qo‘llaganini ma’lum qilgandi.

AQShda hozirda harbiy maqsadlarga mo‘ljallangan dronlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi faqat bitta dastur ro‘yxatdan o‘tgan Short Range Reconnaissance yoki SRR. Ushbu dastur bo‘yicha shartnomani olishga ikkita kompaniya — Skydio va Teal raqobat qilib keladi. Ularning birinchisi oyiga 2 mingtagacha dron ishlab chiqara olishini ta’kidlagan bo‘lsa, ikkinchisida bu ko‘rsatkich mingtani tashkil etadi.

2023 yilning avgustida Pentagon rahbarining o‘rinbosari Ketlin Xiks Replicator tashabbusi doirasida harbiylar Xitoyga qarshi turish uchun yaqin ikki yilda mingta dron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejasi haqida gapirgandi. Mazkur dastur natijasida dronlar arzonlashishi va ularni ishlab chiqarish tezlashishi kerak.

Mavzuga oid